23 Aprel 2022 yil 390

Samarqandda huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan yer sotish bilan bogʻliq yana bir jinoiy faoliyat fosh etildi

Fuqaro S. ariza bilan murojaat qilib, unda dehqonchilik va chorvachilik faoliyati bilan shugʻullanishi uchun Pastdargʻom tumani hududidan yer olish niyatida 2022-yil aprel oyining oʻrtalarida K.Z. ismli shaxs bilan tanishib qolganligini, u Pastdargʻom tumani “Nayman” mahallasi hududida joylashgan oʻzi rahbarlik qilib kelayotgan fermer xoʻjaligiga tegishli boʻlgan 6 gektar yer maydonini 170.000 AQSH dollari evaziga sotishini hamda Pastdargʻom tuman hokimligidagi tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga oldindan 20.000 AQSH dollarini talab qilayotganligini bildirib, unga nisbatan qonuniy chora koʻrishni soʻragan.

Mazkur arizaga asosan, 23-aprel kuni soat 13:10 larda Samarqand viloyati IIB JQB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boʻlimi Yer resurslari talon-toroj qilinishiga qarshi kurashish boʻlinmasi, DXX viloyati boshqarmasi va viloyat prokuraturasi xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida, K.Z. ariza muallifidan 20.000 AQSH dollari miqdoridagi pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.

Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.

Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech