10 Mart 2020 yil 1954

2021 yil 1 yanvardan boshlab biometrik pasport o'rniga ID-kartalar beriladi

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.Mirziyoevning mamlakatdagi amaldagi biometrik pasport tizimini modernizatsiya qilish to'g'risida ilgari qabul qilingan qarorlarini amalga oshirish doirasida, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 6 martdagi 129-sonli "O'zbekiston Respublikasida identifikatsiya ID-kartalarini rasmiylashtirish va berish tizimini joriy etish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarori qabul qilindi.

Hujjatda qayd etilishicha, 2021 yil 1 yanvardan boshlab barcha yangi tug'ilgan chaqaloqlarga, O'zbekiston Respublikasi fuqarolariga, fuqaroligi bo'lmagan shaxslarga va O'zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolariga biometrik pasport o'rniga 10 yil muddatga hujjat egasining shaxsini va fuqaroligini tasdiqlovchi hujjat sifatida identifikatsiya ID-kartasi beriladi.

ID-kartalar faqat O'zbekiston Respublikasi hududida amal qiladi. CHet elga chiqish uchun O'zbekiston Respublikasi fuqarosining chet elga chiqish uchun biometrik («zagranpasport») pasporti beriladi.

ID-kartalarni berish tizimli ravishda 2021 yil 1 yanvardan 2030 yil 1 yanvargacha mamlakat aholisi uchun qo'shimcha yuklamasiz amalga oshiriladi. SHu bilan birga, 2011 yildagi O'zbekiston Respublikasi fuqarosining ilgari berilgan biometrik pasportlarini, fuqaroligi bo'lmagan shaxslar va chet el fuqarolarining yashash uchun ruxsatnomalarini almashtirish ularning egalarining iltimosiga binoan muddati tugagandan yoki muddatidan oldin amalga oshiriladi. 2030 yil 1 yanvardan boshlab 2011 yildagi O'zbekiston Respublikasi fuqarosining biometrik pasportlari haqiqiy emas deb hisoblanadi.

ID-kartalarni berish tizimiga o'tish rivojlangan xorijiy davlatlar tajribasini hisobga olgan holda amalga oshirilmoqda va fuqarolarni raqamli identifikatsiya qilish tizimini joriy etishni jadallashtiradi, fuqarolarning birlamchi ma'lumotlarini O'zbekiston Respublikasi vazirlik va idoralarining axborot tizimlariga integratsiyalash jarayonini avtomatlashtiradi, aholiga davlat xizmatlarini ko'rsatish jarayonini osonlashtiradi va optimallashtiradi.

IIV Axborot xizmati

Text to speech