10 Fevral 2024 yil 1371

Bir kishi hamma uchun, hamma bir kishi uchun

Bir kishi hamma uchun, hamma bir kishi uchun

Samarqand tumanida istiqomat qiluvchi fuqarolardan biri bel og‘ritmay pul topishning “zo‘r” usulini o‘ylab topdi. Uydan chiqish shart emas, shunchaki xonadonidagi foydalanilmayotgan issiqxonani xo‘rozlar jangi uchun “arena”ga aylantirsa kifoya. Shunday bo‘ldi ham. O‘z uyida yashirin qimorxona tashkil etgan fuqaro har bir tomoshabindan “bilet” uchun 50 ming so‘m, xo‘roz “trener”laridan jangga tikilgan summaning 10 foizi miqdorida ulush ola boshladi. Cho‘ntak to‘la pul, oshig‘im olchi deb o‘ylagandir u. Faqat...

— Ish kunim odatdagidek, mahallamdagi notinch xonadonlarni aylanib, fuqarolarning kayfiyatini o‘rganishdan boshlandi, - deydi Pulimug‘ob mahallasi profilaktika katta inspektori Munis Alimamatov. – Bizga qo‘shni bo‘lgan Rajabamin mahallasi profilaktika inspektori qo‘ng‘iroq qilib, hududidagi xonadonlardan biriga kelib-ketuvchilar ko‘payib qolgani, uy egasining yurish-turishi o‘zgarganligini aytib qoldi. Nizomga ko‘ra, katta inspektorga “ustoz-shogird” an’anasi asosida chegaradosh mahallalardagi profilaktika inspektorlari biriktiriladi. Ularga amaliy ko‘mak berish, ishini muvofiqlashtirish bizning zimmamizda. Shu asosida holatni birgalikda o‘rganishni boshladik. Qo‘ni-qo‘shnilar, mahalla faollaridan olingan ma’lumot va kuzatuvlar shubhamizni tasdiqladi. Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazib, qimorxona faoliyatiga chek qo‘ydik.

Pulimug‘ob tumandagi eng katta mahallalardan biri. Birgina shu hududda 5600 nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi, 1086 xonadonda 1270 taga yaqin oila yashaydi. Markazidan Samarqand shahri va Toyloq tumanini o‘zaro bog‘lovchi Panjikent ko‘chasi kesib o‘tgan ushbu mahallada kriminogen vaziyat har doim ham yaxshi bo‘lmagan. Aholisi ko‘p, kelib-ketuvchi, yo‘lovchilar ham. Shunga yarasha savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari soni tobora ortib bormoqda. Bu profilaktika inspektori uchun haqiqiy sinov.

- 2023 yilda mahallamizda 38 ta jinoyat qayt etilgan, “qizil” toifada edik, - deydi inspektor. – Shundan 7 tasi oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar toifasiga kiradi. Xatolardan tegishli xulosa chiqardik. Mahalla faollari bilan hamjihatlikda olib borgan profilaktik ishlarimiz natijasida o‘tgan yilning to‘rtinchi choragida “sariq” toifaga, joriy yildan esa “yashil” toifaga o‘tdik. Bu yil hisobidan birorta jinoyat sodir etilmadi.

Ayni natijaga erishish uchun inspektor kunini yuqorida aytib o‘tilganidek muammoli xonadonlarni “ziyorat” qilishdan boshlar ekan. Keyingi manzil Panjikent ko‘chasi bo‘ylab joylashgan savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari hamda maktab bo‘ladi.

- Maktabimiz u qadar katta emas, 307 nafar o‘quvchi o‘qiydi, - deydi 42-umumta’lim maktabi direktori o‘rinbosari Sh.Safarov. – Shunday bo‘lsa-da, profilaktika inspektori tez-tez kelib, o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida suhbat va boshqa tadbirlarni o‘tkazib ketadi. U bilan hamkorlikda davomati past yoki o‘qishga qatnamay qo‘ygan o‘quvchilarning uyiga borib, oilaviy vaziyatini o‘rganamiz. Yoshlarning bo‘sh vaqtini to‘g‘ri tashkil etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqamiz.

“Bir kishi hamma uchun, hamma bir kishi uchun”. Bu iborani ko‘pchiligimiz Aleksandr Dyumaning “Uch mushketyorlar” asari orqali yaxshi bilamiz. Bu gal uni mahalla faollarining faoliyatini kuzatish davomida xotirladim. Haqiqatan ham bu mahalladagilar “u ish seniki, bu ish meniki”, deb o‘tirmas ekan. Muammo paydo bo‘ldimi, barcha bir yoqadan bosh chiqaradi. Jarayonda mahalla nuroniylari bosh-qosh bo‘ladi.

- Shunday otinoyilarimiz borki, birorta oilada nizo chiqsa, uni hal qilmasdan uyiga ketmaydi, - deydi mahalla xotin-qizlar faoli Mehriniso Qosimova. – Biz ulardan ibrat olamiz. Yangi ishga qo‘l urishdan oldin maslahat solamiz. Mahalla aslida shunday hamjihat bo‘lishi kerak. Odamlar biror nojo‘ya ish qilishdan oldin o‘ziga “Mahalla-ko‘y nima der ekan?”, “Qo‘shnilar oldida uyatli bo‘lmaymizmi?”, degan savollarni bersa, demak shu mahallaning vijdoni, ya’ni nuroniy-keksalari ishlayotgan bo‘ladi. Bizda shunday.

Profilaktika inspektorining har bir daqiqasi hisobda. U biz bilan suhbat chog‘ida ham murojaat va maslahatga kelgan fuqarolar bilan ishlashdan to‘xtagani yo‘q. Asosiysi, inspektor ham, mahallaning boshqa faollari ham o‘z ishini bilib, yaxshi ko‘rib bajarmoqda. Bunday yondashuv samarasiz bo‘lmaydi, albatta.

Asqar BAROTOV.

Text to speech