Bog‘imaydon MFYga yangi profilaktika inspektori tayinlandi
Yaqinda Samarqand viloyati IIB boshlig‘i polkovnik Rahmat Mamatov ishtirokida jurnalist va blogerlar bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida Samarqand shahar Bog‘imaydon MFY raisi, ijodkor va jurnalist Toshpo‘lat Rahmatullayev mahallasidagi profilaktika inspektori samarali xizmat qilganligi sababli yuqori lavozimga tayinlanganligi, hozirda ushbu mahallada profilaktika inspektori vakant turganligi, hududda tinchlikni saqlash maqsadida tajribali inspektorni ushbu mahalaga tayinlab berishlarini so‘rab murojaat qilgan edi.
Shunda boshqarma boshlig‘i yaqin kunlar ichida ushbu masalani ijobiy hal etilishini ta’kidlagan edi.
Bugun boshqarma boshlig‘ining topshirig‘iga asosan, viloyat IIBning bir guruh rahbar xodimlari Bog‘ibaland MFYga tashrif buyurib, tegishli buyruq bilan ushbu mahallaga tayinlangan profilaktika inspektori kapitan Elmurodov Dilmurodni mahalla ahliga tanishtirib, kelgusi ishlarida omad va zafarlar tilashdi.
Mahalla raisi, jurnalist Toshpo‘lat Rahmatullayevdan profilaktika inspektoriga yaqindan yordam berish va xizmat jarayonlarida o‘zining qimmatli maslahatlarini ayamaslik so‘raldi.
O‘z navbatida profilaktika inspektori ham mahalla tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash uchun, bu maskanda sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish uchun bor kuch-g‘ayrati va sadoqat bilan xizmat qilishini bildirdi.