27 Avgust 2021 yil 659

Kattaqoʻrgʻon shahrining 3-sektori hududida yashovchi yurtdoshlarimiz uchun bayram arafasida bir qator obyektlar qurilib foydalanishga topshirildi

Xalqimizda bayramlar, Davlatimiz hayotidagi muhim sanalar bilan bogʻliq qutlugʻ ayyomlar arafasida yangidan qurilgan inshootlarni ishga tushirish anʼanaga aylangan. Bugun shahrimizda keng miqyosda nishonlanayotgan xalqimizning eng ulugʻ va eng aziz bayrami Davlatimiz Mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan 10 yaqin ijtimoiy-iqtisodiy soha obyektlari qurilib foydalanishga topshirilmoqda.

Keyingi bir yarim yil ichida Kattaqoʻrgʻon shahrida amalga oshirilgan keng koʻlamdagi oʻzgarishlar, rivojlanishlarni barcha kattaqoʻrgʻonliklar koʻrib, dildan his qilmoqda, desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Bevosita shahar hokimi Gavhar Alimovaning tashabbusi va saʼy-harakatlari bilan shahrimizning Davlatimiz rahbari eʼtiboriga tushgani, Vazirlar Mahkamasining Kattaqoʻrgʻon shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha alohida qarorining chiqarilgani va bugun ushbu qaror asosida ulkan bunyodkorlik, qurilish-taʼmirlash ishlarining olib borilayotgani juda katta muvaffaqiyat, albatta.

Ushbu islohotlarning natijasi oʻlaroq qurilib foydalanishga topshirilayotgan obyektlar shahrimiz ahliga Mustaqilligimizning 30 yilligiga munosib sovgʻa boʻladi.

Dastlab shahar hokimi Gavhar Alimova, sektor rahbarlari, keng jamoatchilik vakillaridan iborat tadbir ishtirokchilari Ingichka shaharchasida foydalanishga topshirilayotgan 15 umumtaʼlim maktabi, Islom Shoir mahallasining ochilish tadbirlarida ishtirok etdilar.

15 - umumtaʼlim maktabi

15 umumtaʼlim maktabi 3-sektorga qarashli Kattaqoʻrgʻon shahridan 30 km uzoqlikdagi Ingichka shaharchasida joylashgan. Maktab 910 oʻringa moʻljallangan. Investitsiya dasturi asosida muassasa toʻliq kapital taʼmirdan chiqarildi.

“Nurobod” mahallasida joylashgan taʼlim muassasasi jamoasi hozirgacha 1966-yilda qurilgan binoda faoliyat yuritayotgan edi.

Taʼmirlash ishlari davomida oʻquv xonalari, sport zali, kutubxona, oʻqituvchilar xonalarida barcha shart-sharoitlar yaratildi va zamona talablariga mos taʼlim muassasasiga aylandi. Bir soʻz bilan aytganda muassasada oʻqituvchilar va oʻquvchilar uchun taʼlim-tarbiya jarayonlarini talab darajasida tashkil qilish uchun barcha qulayliklar yaratilgan.

Islom Shoir mahallasi

Keyingi yillarda shahrimizdagi mahallalarda ham katta hajmdagi qurilish –taʼmirlash ishlari olib borildi. Eski, talabga javob bermaydigan mahalla binolarida kapital taʼmirlash ishlari bajarildi. Ayrim mahallalar uchun yangi binolar qurildi.

Bayram munosabati bilan foydalanishga topshirilayotgan yana bir inshoot 3-sektorga qarashli Ingichka shaharchasida joylashgan Islom Shoir mahallasi ham bugun barcha qulayliklarga ega boʻlgan maskanga aylandi.

Mahallada 2721 nafar aholi istiqomat qiladi. Shu vaqtga qadar mahalla xodimlari 1975-yilda hashar yoʻli bilan qurilgan eski binoda faoliyat yuritar edi. Zamon talablari darajasida barpo etilgan, kerakli jihozlar bilan taʼminlangan maskan mahalla xodimlari ish faoliyatlarini yaxshilashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Kattaqoʻrgʻon shahar hokimligi Axborot xizmati

Text to speech