Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining hududlarda kriminogen vaziyatni ilmiy yondashuv asosida kompleks oʻrganish hamda jinoyatchilikni jilovlashga qaratilgan yangi tizim joriy etish boʻyicha ishchi guruhining Samarqanddagi faoliyati davom etmoqda
Ichki ishlar vazirligi hayʼatining 2021-yil 12-fevraldagi kengaytirilgan yig‘ilishida jinoyatlar ko‘p sodir etilayotgan tuman va shaharlarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish borasida aniq vazifalar belgilab berilgan edi. Mazkur vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida tashkil etilgan ishchi guruhi ayni kunlarda Urgut tumanida jinoyatchilik ahvolini ilmiy yondashuv asosida o‘rganmoqda.
Statistik maʼlumotlarga ko‘ra, tumandagi 30 ta mahalla “qizil”, bitta mahalla “sariq” va 71 ta mahalla “yashil” toyifaga kiritilgan. Joriy yilning olti oyi mobaynida tuman hududida 280 ta jinoyat qayd etilgan boʼlib, ularning aksariyatini talonchilik, firibgarlik, o‘g‘irlik, bezorilik va boshqa turdagi jinoyatlar tashkil etadi. Oilaviy kelimovchiliklar, turli nizolar tufayli qotillik, og‘ir tan jarohati yetkazish kabi holatlarning keskin oshgani achinarli. Xususan, shu turdagi jinoyatlarning 3 tasi oilaviy janjal, 2 tasi mahalladoshlar orasidagi adovat, 4 tasi rashk sababli sodir qilingan.
Bu esa aholi muammolarining “mahallabay”, “xonadonbay”, “fuqarobay” singari samarali mexanizmlar yordamida hal etilmagani, “Yoshlar daftari”, “Аyollar daftari”, “Temir daftar” kabi dasturlar ijrosi qog‘ozda qolib ketayotganidan dalolat beradi.
Maʼlumki, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslar bilan profilaktik tadbirlar o‘tkazish, maʼmuriy nazorat yuritish muhim ahamiyat kasb etadi. Biroq ilgari sudlangan shaxslar tomonidan qayta jinoyatga qo‘l urilayotgani bu borada hal qilinishi lozim bo‘lgan ishlar borligini ko‘rsatmoqda.
Masalan, tegishli organlar tomonidan profilaktik hisobga olish uchun asos bo‘ladigan MJTKning moddalari bo‘yicha 1279 ta maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, shundan 315 tasi hisobga olingan, yana 531 tasi ogohlantirilgan bo‘lsa, 418 tasi bo‘yicha sud tomonidan qabul qilingan qaror IIOFMBga yuborilmagan.
Ishchi guruhining o‘rganishlari davomida huquq-tartibot maskanlarining ayrimlari kapital taʼmirga muhtojligi, profilaktika inspektorlari xizmat uyi va shaxsiy avtomashina bilan yetarli darajada taʼminlanmagani maʼlum bo‘ldi. Bu esa hududlarda jamoat tartibini saqlash, jinoyatlik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, alohi o‘rtasida huquqiy targ‘ibot va profilaktika ishlarini samarali tashkil etishga imkon bermagan.
Barchamizga ayonki, jinoyatchilikning o‘sishiga imkon beruvchi omillardan biri – bu ishsizlikdir. Bu esa profilaktik hisobda turgan yoki muammosi mavjud bo‘lgan shaxslar bilan ishlash, uyushmagan yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish, aholi murojaatlarini o‘z vaqtida hal etishda uyushqoqlik bilash ishlashni talab etadi. O‘rganishlar davomida alohining faol qatlamlari orasida ijtimoiy so‘rovnoma o‘tkazilib, jinoyatlikni jilovlashga salbiy taʼsir koʼrsatayotgan sabab hamda shart-sharoitlar tahlil qilindi. Ularning natijasiga qarab tegishli tashkilot va organlar hamkorligida tumanning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda mavjud muammolarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilab olindi.
Xulosa o‘rnida aytganda, jinoyat – bu o‘z nomi bilan xavfli va jirkanj illat. Mamlakatimizda ulkan yangilanishlar kechayotgan hozirgi islohotlar davrida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning har qanday ko‘rinishini barvaqt oldini olish, huquqiy madaniyati va ongini yuksaltirish, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga davlat organlari bilan birga, barcha fuqarolar ham birdek masʼul ekanligini unutmasligimiz kerak.
IIV Аkademiyasi Аxborot xizmati