Profilaktika inspektorini urgan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olindi
2024-yil 23-iyul kuni soat 17:30 larda Samarqand shahar Siyob mahallasida yashovchi
fuqaro navbatchilik qismining “102” qisqa raqamiga murojaat qilib, Oqdaryo tumani
“Navro‘z” mahallasi Zarafshon ko‘chasida
joylashgan ko‘p qavatli uylar oldida notanish fuqarolar unga tegishli “Nexia-3”
rusumli avtomashinasining oynalarini sindirib,
o‘zini urib, tan jarohati yetkazganligini ma’lum qilgan.
Chaqiruvga asosan Oqdaryo tumani
ichki ishlar bo‘limi inspektori katta leytenant O‘tkir Burqiev voqea joyiga yetib
borib, janjal qilgan fuqarolarni “Navro‘z” mahallasida joylashgan xizmat xonasiga
olib boradi. Holatga aniqlik kiritish maqsadida murojaat qilgan fuqaro bilan suhbatlashib
turgan vaqtida qo‘rqoq oldin musht ko‘tarar deganlaridek, huquqbuzarlar 35 va
19 yoshli yigitlar hamda 45-50 yoshlar atrofidagi ayol “nima uchun xizmat xonasiga birinchi bizni kiritmaysan,
biz ham “102” raqamiga murojaat qilganmiz”-deya janjal ko‘taradi. Inspektor ishiga
xalal bermay turishini, navbat bilan gaplashishini aytgan vaqtida ular xodimni haqoratli
so‘zlar bilan so‘kib, xonadan chiqib ketadi. Inspektor ularga ketib qolmasligini,
qolaversa holat bo‘yicha tushuntirish xatlari olishi lozimligini aytgan vaqtida,
ayol kishi kelib xodimning kiyimidan tortib qattiq haqoratlaydi. Jahl kelsa,
aql ketadi naqliga muvofiq, g‘azabi
qaynagan ikki erkak mushtiga zo‘r berib, shu vaqtda profilaktika inspektorini urib-tepadi
va yiqitib tanasining turli joylariga tan jarohati yetkazadi.
Shundan so‘ng uchchala fuqaro
ham o‘zlariga tegishli bo‘lgan avtomashinaga o‘tirib, voqea joyidan ketib
qoladi.
Mazkur holat yuzasidan Oqdaryo tuman prokuraturasi tomonidan jinoyat
ishi qo‘zg‘atilib, hozirda 3 nafar gumonlanuvchilar protsessual tartibda qamoqqa
olingan.