22 Sentyabr 2020 yil 1638

Samarqandda Tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi kurashish oyligi maxsus profilaktik tadbirlari o‘tkazilmoqda

Samarqandda “Tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi kurashish oyligi” maxsus profilaktik tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Bu to‘g‘risida Samarqand viloyati hokimligi hamda Ichki ishlar boshqarmasining Qo‘shma farmoyishi imzolandi.

Ichki ishlar organlari, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi va hududiy bo‘limlari hamda hamkor tashkilotlar bilan birgalikda jinoyatchilikning oldini olish borasida bir qator ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Shunga qaramay, xotin-qizlar tomonidan sodir etilayotgan og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar soni oshib borayotganligi, jinoyat sodir etish ehtimoli mavjud bo‘lgan xotin-qizlar bilan amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlar samarasiz olib borilayotganligi, xotin-qizlar o‘rtasida jinoyat sodir etilishiga sabab bo‘layotgan muammolar o‘rganilib o‘z vaqtida ijobiy hal etilmasdan qolayotganligi kuzatilmoqda.

Mahallalarda oilalarga kirilib yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi o‘zaro kelishmovchiliklar o‘rganilmayotganligi natijasida, xotin-qizlar tomonidan spirtli ichimlik taʼsirida qotillik, badanga og‘ir tan jarohati yetkazish, ayniqsa oila-turmush doirasidagi jinoyatlarga barham berilmayotganligi tashvishli xoldir.Tahlillarga ko‘ra, joriy yilning 8 oyi davomida viloyat hududida xotin-qizlar tomonidan 183 ta jinoyatlar sodir etilgan bo‘lib, ushbu jinoyatlarda 198 nafar xotin-qizlar ishtirok etgan.

Shuningdek, o‘tgan 8 oy davomida 86 nafar xotin-qizlar jinoyatdan jabrlanganligi achinarli holdir.

Bundan tashqari, oilalarda sog‘lom muhitni shakllantirish, tazyiq va zo‘ravonlik sodir etish ehtimoli mavjud shaxslar bilan profilaktik tadbirlar samarasiz tashkil etilayotganligi,bu borada olib borilayotgan profilaktik ishlar maqsadli tashkil etilmaganligi sababli ko‘plab xotin-qizlar tazyiq va zo‘ravonlik qurboni bo‘lishi kuzatilmoqda.

Joriy yilning 8 oyi davomida 254 ta holatda tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarga himoya orderlari berilgan bo‘lib, ushbu tazyiq va zo‘ravonlik 225 ta holatda oilada sodir etilganligi, sodir etilgan ushbu tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining aksariyati oldindan mavjud bo‘lgan o‘zaro oilaviy nizolar, foydali mehnat bilan shug‘ullanmaslik, sharʼiy nikohsiz yashash, spirtli ichimlikka ruju qo‘yish va boshqa salbiy holatlar omil bo‘lgan.

Shuningdek, jinoyat sodir etish hamda jinoyat qurboni bo‘lishi ehtimoli bo‘lgan xotin-qizlarning ro‘yxatlari rasmiyatchilik uchun shakllantirilib, ushbu toifadagi shaxslar bilan individual tarzda ishlar tashkil etilmaganligi oqibatida ushbu toifadagi xotin-qizlar tomonidan jinoyat sodir etilishi, jinoyat qurboni bo‘lib qolish holatlariga yo‘l qo‘yilmoqda.

Yuqoridagilarni inobatga olib, kelgusida viloyat hududida yashovchi xotin-qizlar tomonidan jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilishi va nisbatan sodir etilayotgan tazyiq va zo‘ravonlikni oldini olish, sharʼiy nikoh va erta turmushlarning oldini olish shuningdek, hamkorlikda olib borilayotgan profilaktik tadbirlarni samaradorligini yana-da kuchaytirish maqsadida 2020 yilning 20 sentyabr kunidan 20 oktyabr kuniga qadar viloyat miqyosida “Tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi kurashish oyligi” maxsus profilaktik tadbirlari o‘tkazilishi belgilandi.

 Oylik davomida, jinoyat sodir etish va jinoyat qurboni bo‘lishi ehtimoli yuqori bo‘lgan, shuningdek, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarning ro‘yxati sektorlar va mahallalar kesimida qaytadan shakllantirilmoqda.

Shakllantirilgan ro‘yxatlar asosida, bu toifa shaxslar bilan yakka tartibda profilaktik tadbirlar amalga oshirilib, aniqlangan muammolarni bartaraf etishga mahalla raisi va huquqbuzarliklar profilaktikasi (katta) inspektori masʼulligi belgilandi.

Og‘ir turmush tarzida yashayotgan xotin-qizlarni aniqlab, ularni qiynayotgan muammolar atroflicha o‘rganib hamkorlikda ijobiy hal etish choralari ko‘rilib, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarning oila aʼzolari bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, kelgusida mazkur xotin-qizlarga nisbatan yoki ular tomonidan noxush holatlar sodir etilishini oldini olish maqsadida “Himoya orderi” berilishi taʼminlanib, ushbu oilalar bilan profilaktik ishlarni olib borish uchun murabbiylar biriktirilishiga alohida eʼtibor beriladi.

Text to speech