1 Sentyabr 2021 yil 824

Samarqandda bayram munosabati bilan taqdirlangan ichki ishlar organlarining bir guruh faxriylariga mukofotlar tantanali ravishda topshirildi

Mamlakatimiz mustaqilligining 30 yillik tantanalarini samarqandliklar ham oʻzgacha kayfiyat va koʻtarinkilik bilan nishonlamoqda. Boringni berib, oʻz kasbingga sadoqat va vijdonan xizmat qilish, har bir insonni kamolot sari yetaklaydi. Ana shunday fidoyi va jonkuyar faxriylar har vaqt ham el ardogʻida boʻlishadi.

Samarqand viloyati IIB jamoasi ichki ishlar organlarida uzoq yillar xizmat qilib, bugun nafaqa gashtini surayotgan bir guruh faxriylarni ulugʻ ayyom bilan qutlab, ularga bayramona kayfiyat ulashishdi. Dastlab, shu tizimda xizmat qilib, jon fido etgan ichki ishlar xodimlari haqqiga “Qurʼon” tilovat qilindi. Soʻngra Davlatimiz madhiyasi yangradi.

Samarqand viloyati IIB boshligʻi barcha toʻplanganlarni qutlugʻ ayyom bilan samimiy tabriklab, muhtaram yurtboshimiz hamda Ichki ishlar vazirining bayram tilaklarini tadbir ishtirokchilariga yetkazdi. Eng quvonarlisi bayram munosabati bilan yoshlarimizni tarbiyalashda oʻzini beqiyos hissasini qoʻshayotgan faxriylarimizning 2 nafari Ichki ishlar vazirligining “Faxriy xodim” koʻkrak nishoni bilan, 24 nafari vazirlikning, 15 nafari viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻining faxriy yorliqlari bilan ragʻbatlantirildi.

Shuni alohida taʼkidlab oʻtish kerakki, ichki ishlar organlarida xizmat qilgan faxriy xodimlar ilk marotaba “Faxriy xodim” koʻkrak nishoni bilan taqdirlanayotgani quvonarli hol. Tadbir davomida faxriylar ham soʻzga chiqib, bu kabi eʼtibordan Ichki ishlar vazirligi hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi rahbariyatiga oʻz minnatdorchiligini bildirdi. Qizgʻin suhbatlar bir piyola choy ustida davom etdi. Sanʼatkorlar tomonidan ijro etilgan kuy-qoʻshiqlar barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.

Mustaqilligimizning 30 yillik shodiyonalari yurtimizning barcha goʻshalarida koʻtarinkilik bilan davom etmoqda.

Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech