15 Aprel 2022 yil 1086

Samarqandda korrupsion holatlarni oldini olish boʼyicha qator tezkor tadbirlar oʼtkazildi

Samarqand viloyati IIB Jinoyat qidiruv boshqarmasi Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash boʼlimi, DXX hamda prokuratura organlari hamkorligida Samarqand viloyati hududida korrupsion holatlarni oldini olish boʼyicha qator tezkor tadbirlar oʼtkazildi.

Jumladan:

Pastdargʼomda yer maydonini noqonuniy raqishda sotmoqchi boʼlganlar qoʼlga olindi.

Oʼtkazilgan tezkor tadbir davomida, Pastdargʼom tumanida yashovchi, 1982 y.t., fuqaro “Saddam Salimov” fermer xoʼjaligi ishchisi, 1992 y.t. shaxs  bilan oʼzaro jinoiy til biriktirib, mahalliy fuqaroga oʼzini tuman hokimligi yuqori lavozimli xodimi deb tanishtirib, fermer xoʼjaligi tasarrufidagi 40 sotix yer maydonini 20.400 АQSh dollari evaziga uning nomiga rasmiylashtirib berishni vaʼda qilib, undan ushbu mablagʼlarni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʼlga olindi.

Hozirda, ushbu shaxslarga nisbatan Oʼzbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 4-qism bilan jinoyat ishi qoʼzgʼatilib, gumonlanuvchilar protsessual tartibda qoʼlga olinib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi, Samarqand viloyati IIB Jinoyat qidiruv boshqarmasi Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash boʼlimi hamda Departament xodimlari hamkorligida korrupsiyaga qarshi kurashish yoʼnalishida yer sotish jinoyati bilan bogʼliq yana bir tezkor tadbir  Nurobod tumanida oʼtkazildi.

Unda Davlat kadastrlari palatasi Nurobod tuman filiali mutaxassislari pora bilan ushlandi.

Tadbir davomida, Davlat Kadastrlar palatasi Nurobod tuman filiali mutaxasislari, 1991 y.t. va 1992 y.t. shaxslar mahalliy fuqaroga tuman hududidagi 1 gektar yer maydonining 6 sotix qismiga soxta kadastr xujjatlarini rasmiylashtirib berishni vaʼda qilib, undan 2 mln. soʼm miqdordagi pullarni pora tariqasida olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Yuqoridagi shaxslarga nisbatan Oʼzbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʼzgʼatilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Samarqand IIB boshligʼi nomiga, ariza bilan murojaat qilgan fuqaro, 2022 yil aprelь oyining boshlarida ikki nafar shaxslar bilan tanishib qolganligini, ulardan biriga turmush oʼrtogʼini Samarqand iqtisodiyot va servis institutiga oʼqishga kiritish uchun hujjatlar tayyorlayotganligini aytganida, ular talabalarni boshqa davlatdan Oʼzbekistonning oliy oʼquv yuritlariga koʼchirib berish bilan shugʼullanishini, turmush oʼrtogʼini 5.000 АQSh dollari evaziga Ukraina davlatining Universitetida 1-bosqichda oʼqiganligi toʼgʼrisida soxta hujjatlar tayyorlab, ushbu soxta hujjatlar asosida Samarqand iqtisodiyot va servis institutiga 2-bosqichdan oʼqishga qoʼyib berishni vaʼda berib, oldindan 2.500 АQSh dollarini talab qilib kelayotganligini bildirib, ularga nisbatan qonuniy chora koʼrishni soʼragan.

Mazkur arizaga asosan, 14 aprelь Samarqand viloyati IIB JQB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boʼlimi DXX Samarqand viloyati boshqarmasi va viloyat prokuraturasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʼtkazilib, fuqaro X.B. ariza muallifidan 2.500 АQSh dollari miqdoridagi pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʼlga olindi.

Mazkur holat yuzasidan ham jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʼzgʼatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

13 aprelь kuni  Oʼtkazilgan yana bir tadbirda “Аvtomobil va daryo transport agentligi”ning ikki nafar xodimlari Samarqand shahrida litsenziyasiz kirakashlik faoliyati bilan shugʼillanayotgan shaxsga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirmaslik evaziga 500 000 soʼm miqdorida pul talab qilib, oldindan 200 000 soʼmini olib, qolgan 300 000 soʼm pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʼlga olindi.

Mazkur holat yuzasidan jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʼzgʼatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish yoʼnalishida Samarqand viloyatidagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan hozirda bir qancha tezkor qiziqish uygʼotuvchi maʼlumotlar olingan boʼlib, tezkor harakatlar davom ettirilmoqda.

Samarqand viloyati IIB Аxborot xizmati

Text to speech