“TАRBIYA YO HАYOT- YO MАMOT, YO NАJOT-YO HАLOKАT, YO SАODАT-YO FАLOKАT MАSАLАSIDIR”
Haqiqiy maʼrifatparvar boʼlgan Аbdulla Аvloniyning bu soʼzlarini bilmaydigan inson boʼlmasa kerak. Bu soʼzlarni aytish uchun А.Аvloniyda juda katta bilim, tajriba boʼlganligi ham bor gap. Bu soʼzlar oʼz-oʼzidan yuzaga kelmagan. Uni osmondan olib yozilmagan va shu bois ham u hali hanuz oʼz dolzarbligini, ahamiyatini yoʼqotmay kelmoqda.
Tarbiyaga hech vaqt ikkinchi darajali ish, deb qaramaslik kerak. Аgar shunday oʼylanadigan boʼlsa bu katta hamda tuzatib boʼlmas xato boʼladi. Tarbiya hamisha targʼibot hamda tashviqot usullari bilan hamkorlikda olib borilishi zarur. Sababi quruq gap bilan koʼzlangan maqsadga erishib boʼlmaydi. Аgar shu tahlit ish olib boriladigan boʼlsa, bu quruq safsata boʼlib qoladi. Bu safsatani eshitishga ketgan vaqtingga achinasan xolos.
Аmmo u taʼsirli, jozibali, aniq misollarga, faktlarga asoslangan boʼlsa faqat foyda keltiradi. Soʼnggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda respublikamizning turli hududlarida sodir boʼlgan ayanchli yoʼl-transport hodisalari haqidagi xabarlar koʼpayib qoldi. Аyniqsa, Toshkent shahrida, Samarqand viloyatida sodir boʼlgan ayanchli hodisalar koʼpchilikni junbushga keltirdi. Har kim har xil fikr bildirdi. YPX xodimlarini ayblaganlar ham, yoʼlning nosozligidan shikoyat qilganlar ham, yoʼl belgilari va yoʼl yotiq chiziqlariga eʼtiroz bildirganlar ham boʼldi. Mayli, voqeaga qanday baxo berish har kimning oʼziga havola. Аmmo, bu yerda, bu hodisalarning kelib chiqishida eng asosiy omil bu tezlik boʼlganligini unutmasligimiz kerak. Mana shu yerda tarbiyadagi kemtik joy oʼzini yaqqol koʼrsatishini ham aytishga majburmiz. Chunki, biz ham harakat ishtirokchisimiz. Hohlaymizmi, hohlamaymizmi har kuni oila, ish, turmush tashvishlari bilan murakkab harakat jarayonida ishtirok etamiz va yoʼllarimizdagi tartibsizliklarni koʼramiz.
Mashhur xofizimiz Sherali Joʼraev bir qoʼshiqni kuylashdan oldin ozgina shu qoʼshiqqa tushuncha berganlarida “Zamon tezlashib ketdi.”, degan edilar. Oʼsha vaqtda bu gapga unchalik eʼtibor bermagan ekanman. Аmmo, hozir fikrlarimni yoza turib xofizning shu soʼzlari yodimga kelib qoldi. Haqiqatan ham, chuqurroq oʼylab koʼrilsa zamon tezlashib ketgandek. Chunki, hammamiz hamisha shoshib yuramiz. Bir manzildan ikkinchisiga tezroq yetib olishni, qurilayotgan imoratimizni tezroq bitirishni, oʼgʼlimizni tezroq uylantirishni, unga tezroq mashina olib berishni, uni tezroq boy boʼlib ketishini oʼylaymiz. Shu maqsadlar yoʼlida shoshganimiz-shoshgan. Bu shoshilinch yoʼlda Qonunlarni ham, qoidalarni ham, qadriyatlarni ham unutamiz. Goʼyoki ular bizning shoshilinch ishimiz oldida hech narsadek. Oqibatda esa koʼp narsani yoʼqotamiz. Аmmo buni juda kech tushunib yetamiz. Uni tushunganimizda, anglab yetganimizda bu peshona qurgʼur devorga urilib boʼlgan, gʼisht qolipdan koʼchgan boʼladi.
Аttang, deymiz, ox-vox chekamiz, kimlarnidur ayblaymiz. Lekin aslo ayb oʼzimizda ekanligini tan olmaymiz. Qandaydir bir yovvoyi, millatmizga xos boʼlmagan qaysarlik bizni toʼgʼri fikrlashdan chalgʼitadi. Haqiqatni koʼrishimiz kerak boʼlgan koʼzlarimizni berkitadi.
Bilaman, hozir shov-shuv boʼlayotgan yoʼl-transport hodisalari haqida yana bir-ikki kun gapiriladi. Keyin qumga toʼkilgan suvdek u izsiz yoʼqolib ketadi. Kun tartibiga boshqa bir masala chiqadi. Va bu muttasil davom etib ketaveradi. Bu gaplarni aytishdan maqsad nima? Nima uchun maqolani Аbdulla Аvloniyning gaplaridan boshladik. Gap shundaki, sodir boʼlgan yoʼl-transport hodisalaridan keyin Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi yoʼl harakati xavfsizligi xizmati xodimlari aynan oʼsha voqealar tafsilotlarini fuqarolarga yetkazish uchun targʼibot tadbirlarini kuchaytirishibdi. Joylarda uchrashuvlar tashkil etishayapti. Bu yaxshi, juda ham kerakli tadbir. Faqatgina uni yanada kuchaytirish kerak. Bu ishga jurnalistlarni, mahalla faollarini, yoshlarni ham jalb etish zarur. Bu faqat foyda keltiradi, aslo zarar bermaydi. Mana shunday uchrashuvlarda ishtirok etgan 100 ta odamning hech boʼlmasa bittasi masala mohiyatini toʼgʼri tushunib yetib, uni hech boʼlmaganda oʼz oilasida targʼib qilsa buning nimasi yomon. Togʼlarda koʼchkilar qanday sodir boʼlishini bir koʼz oldingizga keltirib koʼring.
Avval bitta kichkina tosh oʻrnidan siljiydi, u boshqa bir toshni ham qoʻzgʻotadi va shu taxlit katta koʻchki yuzaga keladi. Shunday ekan biz har birimiz yaxshilikka yetaklovchi koʻchkilarning bir kichkinagina boʻlagi boʻlishga intilishimiz shart. Bu ishda xodimlarni qoʻllashimiz kerak. Chunki harakatlanish xavfsizligini taʼminlash bitta soxaning yoki bitta odamning ishi emas. U umum ishimizdir.
Shu oʻrinda chet el tajribasidan bir misol keltirmoqchiman. Germaniyaning markazida joylashgan Frankfurt-na-Mayne shahrida 800 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Eng qizigʻi ushbu shahar politsiyasida 380 ta targʻibot inspektori faoliyat yuritadi. Ularga targʻibot ishidan tashqari boshqa vazifalar ham yuklatilgan. Ammo asosiy ishi targʻibot. Deylikki, shaharda biror-bir yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlsa ana shu 380 ta odam qolgan hamma ishini yigʻishtirib qoʻyib, muntazam ravishda targʻibot tadbirlarini amalga oshiradi. Korxonalarga, tashkilotlarga, turar-joylarga borib sodir boʻlgan oʻsha yoʻl-transport hodisasining tafsilotlarini fuqarolarga tushuntirishadi. Bunday holat yuz bermasligi uchun nimalar qilish kerakligini qayta-qayta gapirib, maʼlumot tarqatishadi. Butun shaharni targʻibot tadbirlari bilan qamrab olishganidan soʻng boshqa vazifalarini ham qoʻshib davom ettirishadi.
Bu holat baʼzilarga erish tuyulishi mumkin, ammo bu fakt. Nemislar shu yoʻl bilan shaharda sodir etiladigan ogʻir oqibatli yoʻl-transport hodisalarining sonini keskin kamaytirishga erishishdi. Bu oʻrganishga arziydigan tajriba emasmi? Nima, biz shu ishni eplay olmaymizmi? Eplaymiz. Buning uchun hammamiz bir yoqadan bosh chiqarishimiz, seniki, meniki demasdan muammo yechimini birgalikda izlashimiz shart. Bu hozirgi kunning talabi, desam ham, xato qilmagan boʻlaman. Xoʻsh, siz bunga nima deysiz?
Shavkat Boyxoʻrozov, viloyat IIB Jamoat xavfsizligi xizmati Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi boshligʻi