Voyaga yetmagan qizni olib qochgan shaxs ushlanib, qamoqqa olindi
2023-yilning 8-mart kuni soat taxminan 8:00larda, 1985-yilda tugʻilgan fuqaro S.U. mast holda oq rangli “Neksiya-3” rusumli avtomashina bilan Samarqand shahar Dahbed koʻchasidagi oʻquv markazi oldida turgan 2009-yilda tugʻilgan voyaga yetmagan qizga oʻzini kirakash deb tanishtirib, uni uyiga olib borishini aytib, aldab oʻtirgʻizib, uyiga olib bormasdan, boshqa tomonga boshqarib ketgan.
Voyaga yetmagan qiz mashinadan tushib qolmoqchi boʻlganda u mashina eshiklarini qulflab qoʻygan va mashinani Oqdaryo tumani Boshdarxon MFY, Yangi obod qishlogʻigacha boshqarib borib, avtomashinasini shinasi bosimi chiqib ketganligi sababli avtomashinadan tushib, gʻildiraklariga qarayotgan vaqtida qiz mashinadan tushib, qochib ketib, shu yerda boʻlgan fuqarolardan yordam soʻragan.
Holat yuzasidan qizning yaqinlari huquqni muhofaza qilish organlariga ariza bilan murojaat qilgan.
Huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida S.U. qoʻlga olinib, unga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 137-moddasi (Odam oʻgʻirlash) 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, gumonlanuvchi protsessual tartibda qamoqqa olingan.
Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati