20 Aprel 2024 yil 1087

IIV Samarqand akademik litseyi «Jaloliddin Manguberdi avlodlari» spartakiadasi g‘olibi

Joriy yil Ichki ishlar vazirligi Akademik litseylari o‘rtasida o‘tkazilgan «Jaloliddin Manguberdi avlodlari» spartakiada musobaqasiga Samarqand mezbonlik qildi.

Ushbu musobaqa o‘quvchi yoshlarni kelajakda Vatanga sadoqat, burchga mas’uliyat, kasbiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish, jangovar shayligini sinovdan o‘tkazish maqsadida tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining 2024 yil 24 yanvardagi “Ichki ishlar vazirligining akademik litseylari o‘quvchilari o‘rtasida “Huquqshunoslik” fan olimpiadasi va “Jaloliddin Manguberdi avlodlari” spartakiada musobaqasini tashkil etish to‘g‘risida”gi 25-
son
 Farmoyishi talablari asosida bo‘lib o‘tgan musobaqalar jarayonlarida o‘quvchilarning huquqshunoslik fanlari bo‘yicha bilimlarini oshirish hamda ular o‘rtasida sportni keng targ‘ib qilishga bosh maqsad sifatida qaraldi.
“Huquqshunoslik” fan olimpiadasi 28-30 mart kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tdi, “Jaloliddin Manguberdi avlodlari” spartakiada musobaqasi esa 15-19 aprel kunlari Samarqandda yuqori saviyada o‘tkazildi.
Samarqandda o‘tkazilgan spartakiada musobaqasini dastlab IIVdan tashrif buyurgan rahbar-xodimlar kirish so‘zi bilan ochib, barcha ishtirokchilarga omad va zafarlar tiladi. O‘quvchilarni esa kelajakda haqiqiy vatanparvar, fidoyi yurt posbonlari bo‘lishi, qolaversa xalqaro miqyosida bo‘lib o‘tadigan barcha musobaqa va tanlovlarda ham faol qatnashib, munosib o‘rinlarga ega bo‘lishda ishonch bildirdi.

Shundan so‘ng musobaqalarga start berildi. Bir-biridan qiziqarli shartlarda respublikamizning barcha viloyatlaridan kelgan o‘quvchi yoshlar do‘stona bellashishdi. Har bir jarayon hakamlar hay’ati tomonidan munosib baholanib borildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, vodiy va voha viloyatlari bor g‘ayrati bilan o‘z mahorat va kuchlarini sinovdan o‘tkazishdi. “G‘alvir suvdan ko‘tarilganda” haqiqiy kuchlilar namoyon bo‘ldi.

To‘sindan tortilish yo‘nalishida farg‘onalik yoshlar tashabbus ko‘rsatgan bo‘lsa, Kuch ishlatish yo‘nalishida samarqandliklar peshqadamlikni qo‘ldan bermadi. Makarov to‘pponchasini to‘liqsiz qismlarga ajratish yo‘nalishida o‘g‘il bolalardan Samarqand viloyati, qizlar o‘rtasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Buxoro viloyati yoshlari g‘olib bo‘lgan bo‘lgan bo‘lsa, Granata uloqtirish yo‘nalishida o‘g‘il bolalardan farg‘onaliklar, qizlar o‘rtasida esa namanganliklar barchani dog‘da qoldirdi. Yengil atletika yo‘nalishida andijonlik yoshlarning qo‘li baland kelgan bo‘lsa, Mini futbol yo‘nalishida mezbon jamoa hammadan o‘zib ketdi. Ayniqsa ko‘p kurash yo‘nalishi anchagina bahs-
munozaralarga
 boy bo‘ldi. Murosasiz kechgan jarayonlardan so‘ng bu yo‘nalishda Samarqand viloyati o‘quvchilari eng kuchli ekanligini namoyon etishdi. Sport turlari bo‘yicha umumjamoa hisobida ham marra samarqandliklarniki bo‘ldi.

Musobaqa davomida IIV Samarqand Akademik litseyi o‘quvchilari, viloyat IIB TVBSO xodimlari hamda Kinologiya xizmatining ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etilib, ishtirokchilarning madaniy hordiq chiqarishi ham ta’minlab berildi.

Musobaqa yakunida g‘oliblar tantanali ravishda taqdirlandi. Bu kabi yuksak saviyadagi tadbirlar o‘quvchilarda o‘zgacha taasurot qoldirishi tabiiy, chunki bu kabi spartakiadalar kelgusida yoshlarni yanada zukko, faol va kuchli bo‘lishga chorlaydi.

Text to speech