Samarqand viloyati IIB boshlig‘i polkovnik Rahmat Mamatov Qo‘shrabot tumani IIBda jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, xizmat intizomi, qonunchilikni mustahkamlash borasida yig‘ilish o‘tkazdi
Samarqand viloyati IIB boshlig‘i polkovnik Rahmat Mamatov Qo‘shrabot tumani IIBda jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, xizmat intizomi, qonunchilikni mustahkamlash borasida yig‘ilish o‘tkazdi.
Yig‘ilishda IIO xodimi xizmat vaqtida belgilangan tartib va me’yorlarga amal qilishi, har qanday vaziyatda ham o‘z xizmat vazifasiga sadoqat bilan yondashishi lozimligi haqida so‘z bordi.
Boshqarma boshlig‘i ichki ishlar organlari xodimlari uchun yaratilgan sharoitlar, profilaktika inspektorlarining ish yuklamasi, jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, hududlarning kriminogen vaziyatidan kelib chiqib, profilaktik ishlar ko‘lamini kengaytirish, xizmat samaradorligini oshirish kabi masalalarga to‘xtalib o‘tdi.
Bugun tumanning ayrim hududlaridagi jinoyatlarning oshganligi, ularning o‘z vaqtida oldi olinmaganligi tanqid ostiga olindi.
Shuningdek, probatsiya xizmati hisobida turgan shaxslar bilan ishlash, yirik bozorlar, savdo markazlari hamda aholi gavjum joylarda sodir etilayotgan jinoyat va ma’muriy huquqbuzarliklar, jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni ta’minlash, sodir etilayotgan qonunbuzarliklarga imkon berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish bo‘yicha ham o‘z fikr mulohazalarini bildirib o‘tdi.
Tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tgan yig‘ilish so‘ngida boshqarma boshlig‘i tomonidan xodimlarga xizmat intizomi va qonunchilikka amal qilish borasida kerakli maslahat va tavsiyalar berildi.