Pastdarg‘om tumanida Bilimlar kuni munosabati bilan xavfsizlik choralari kuchaytirildi
Bilimlar kunini munosib nishonlash va ta’lim muassasalarida tartib-intizom hamda xavfsizlikni ta’minlash maqsadida Pastdarg‘om tumanida yo‘riqnoma mashg‘uloti o‘tkazildi.
Tadbirda tuman Ichki ishlar bo‘limi va Favqulodda vaziyatlar bo‘limi rahbarlari, shuningdek, Huquq-tartibot idoralari shaxsiy tarkibi ishtirok etdi. Mashg‘ulot doirasida maktablardagi tartibot, yo‘l harakati xavfsizligi, yong‘in va boshqa favqulodda vaziyatlarning oldini olish choralari muhokama qilindi.
Shuningdek, xizmatga jalb etilgan kuch va vositalarning tayyorgarligi ko‘zdan kechirilib, xodimlarga amaliy ko‘rsatmalar berildi. Ta’lim muassasalari atrofida qo‘shimcha nazorat postlari tashkil etilib, bolalarning xavfsiz harakatlanishi uchun yo‘llarni tartibga solish vazifalari yuklatildi.
Mas’ul idoralar tomonidan amalga oshirilayotgan mazkur chora-tadbirlar Bilimlar kunini ko‘tarinki ruhda va xavfsizlik qoidalariga to‘liq rioya etilgan holda o‘tkazishga xizmat qilmoqda.