1600 AQSH dollari evaziga jarima maydonchasidagi mashinani chiqarib berishni aytgan shaxs ushlandi
2022-yil 20-oktabr kuni IIV SHXBB Samarqand viloyati boʻyicha boshqarmasiga fuqaro ariza bilan murojaat qilib, unda 2022-yil 16-oktabr kuni soat 17:00 larda, taxminan 100 gramm spirtli ichimlik isteʼmol qilib, oʻziga tegishli boʻlgan “Neksiya-3” rusumli avtomashinasini Samarqand shahar Rudakiy koʻchasida boshqarib borayotganida YPX inspektorlari uni alkotesterdan oʻtgazganlarida spirtli ichimlik isteʼmol qilganligi aniqlanganligi sababli, unga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirib, avtomashinani jarima maydonchasiga qoʻyganliklarini, shundan soʻng, u avtomashinani jarima maydonchasidan chiqarishga harakat qilib yurganida, “B” ismli shaxs ushbu ishni hal qilishda yordam berishi aytib, u bilan gaplashganida, Samarqand viloyati IIB YHXBda ishlovchi tanishlari orqali unga nisbatan chora koʻrilmaslik, ishini ijobiy hal qilib berishi mumkinligini, yaʼni unga nisbatan tuzilgan maʼmuriy bayonnomani sudga yubormasdan haydovchilik guvohnomasini olib berib, transport vositasini jarima maydonchasidan chiqarib berishini aytib, 1.600 AQSH dollari miqdordagi pullarni berishni talab qilib kelayotganini, ushbu fuqaroga nisbatan qonuniy chora koʻrishni soʻragan.
Mazkur ariza yuzasidan 2022-yil 20-oktabr kuni IIV SHXBB Samarqand viloyati boʻyicha boshqarmasi tezkor xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida, fuqaro Q.B. ariza muallifidan 1.600 AQSH dollari miqdoridagi pullarni olgan vaqtida ushlanib, hujjatlashtirilgan.
Mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati