2 Fevral 2024 yil 874

2023-yil yakunlari joriy yilning o‘tgan davrida amalga oshirilgan ishlar sarhisobiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi

Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasida 2023-yil yakunlari joriy yilning o‘tgan davrida amalga oshirilgan ishlar sarhisobiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tgan yig‘ilishni viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Raxmat Mamatov ochib, erishilgan yutuqlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar hamda o‘tkazilgan profilaktik tadbirlarning samaradorligi xususida ma’lumot berdi.

Barcha sohalardagi jinoyatlarning aksariyatini oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar tashkil etadi. Bu borada boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosarlari hamda tegishli sohaviy xizmat rahbarlarining mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘yganligi rahbar tomonidan ta’kidlandi.

Sodir etilayotgan og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarning katta qismini oila turmush doirasidagi jinoyatlar tashkil qilayotganligi, ayrim rahbar va xodimlarning mas’uliyatsizligi, fuqarolarning nizolarini o‘z vaqtida ijobiy hal etmasligi og‘ir oqibatlarga olib kelayotganligi aytilib, jinoyatlar profilaktikasini talab darajasida olib borish yuzasidan bir necha marotaba ogohlantirilganiga qaramay ishlar sustligicha olib borilayotgani keskin tanqid qilindi.

Jinoyat turlaridan tan jarohati yetkazish, o‘g‘irlik, firibgarlik, bezorilik, shuningdek, o‘lim bilan bog‘liq yo‘l transport hodisalarining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yetarli darajada tashkil qilinmaganligi sababli bu boradagi raqamlar salmog‘i ortib borayotganligi ham aytib o‘tildi.

Tahlillar asosida mas’ul rahbarlarning hisobotlari tinglanib, muhokama natijalariga ko‘ra xizmat vazifalarini bajarishda kamchiliklarga yo‘l qo‘yib kelgan bir qator rahbar va xodimlarga nisbatan tegishli intizomiy ta’sir choralari qo‘llanildi.

Yig‘ilish davomida har bir rahbar va xodim xizmat intizomi va qonunchilikka qat’iy amal qilishi, xizmat vazifasiga vijdonan yondashishi, asosiysi, vataniga va xalqiga sadoqat bilan xizmat qilishi eng oliy burch ekanligi ta’kidlab o‘tildi.

Muhokama so‘ngida, kelgusida viloyat ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan tashkiliy tadbirlar, har bir yo‘nalish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Text to speech