30 Oktyabr 2024 yil 9300

“25-oktabr - Ichki ishlar organlari xodimlari kuni” bayrami hamda O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari tashkil etilganligining 33 yilligi bayrami munosabati bilan Samarqand viloyati IIBda tantanali tadbir o‘tkazildi

Mana 33 yildirki, ichki ishlar xodimlari el-yurt xizmatida. Xalqimizning osuda, emin-erkin shod-xurram hayot kechirishida qasamyodiga sodiq holda o‘z xizmat postida vazifalarini sidqidildan ado etishayapti. Yurt posbonlari, tinchligimiz qalqonlarining mashaqqatli mehnatlarini doimo yuksak qadrlaymiz. Viloyat ichki ishlar boshqarmasida o‘tkazilgan bayram tadbirida bu alohida e’tirof etildi.

Insonning tug‘ilgan joyi xoh sahro, xoh bog‘u-bo‘ston bo‘lsin o‘zi uchun Vatan deb nomlangan tuproqni har tomonlama obod va ozod asrash,  himoya qilish naqadar oliy va muqaddas burch, balki o‘z o‘rnida sharaf hamdir. Yurt tinchligi, hududlar osoyishtaligini ta’minlash, jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish yo‘lida qat’iyat, matonat va sergaklik bilan xizmat qilayotgan ichki ishlar orgnalari xodimlarining mehnati tahsinga sazovor. Kasb bayrami munosabati bilan viloyat ichki ishlar organlarida xizmat olib borayotgan bir guruh tantanali taqdirlandilar. Bugun bu mukofotlar tantanali tarzda topshirilmoqda.

Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasida davlatimiz madhiyasi bilan boshlangan  tantanali tadbirda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov, viloyat prokurori, sektor rahbarlari va jamoatchilik vakillari hamda shaxsiy tarkib xodimlari ishtirok etdi. Boshqarma boshlig‘i polkovnik Rahmat Mamatov Prezidentimiz rahbarligida yurtimizda jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning oldini olish, profilaktik chora-tadbirlarning samaradorligini oshirish, huquqni muhofaza qilish organlarining jamoatchilik bilan hamkorligini takomillashtirishning ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi. Tinchlikni mustahkamlash, jamiyatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarimizning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilishdek mas’uliyatli va sharafli xizmatni ado etayotgan soha xodimlari mehnati e’tirof etildi. Faxriylarga hurmat ehtirom ko‘rsatildi. Viloyat hokimi soha xodimlarining fidokorona xizmatlari olqishga munosib ekanligini ta’kidlab, bir guruh xodimlarga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alarini topshirdi.

“25-oktabr - Ichki ishlar organlari xodimlari kuni” munosabati bilan  Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Farmoniga ko‘ra, ko‘p yillik samarali faoliyati, qonuniylikni ta’minlash borasidagi alohida xizmati uchun 2 nafar xodim podpolkovnik  Jo‘rabek Murodov  “Jasorat”,  podpolkovnik Farrux Indiaminov “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Shuningdek, boshqarma boshlig‘ining tegishli buyrug‘iga muvofiq faol va tashabbuskor bir guruh xodimlar ham munosib taqdirlandilar.

Vatan himoyasi yo‘lida xizmat qilishni oliy saodat va yuksak g‘urur deb bilgan, o‘z oromi va halovatidan kechib el osoyishtaligini ta’minlayotgan soha xodimlarining fidokorona xizmatlari sabab yurtimizda tinchlik va osoyishtalik barqaror.  Prezidentimizning so‘nggi yillarda barcha mahallalarda xavfsiz, tinch va osoyishta muhit yaratish, hududlarda ilg‘or tajriba va amaliyotlarni joriy etish bo‘yicha muhim natijalar qo‘lga kiritilayotganini ta’kidlash lozim degan so‘zlari ham soha xodimlari o‘z kasbiga mas’uliyat bilan yondoshayotganligining yorqin ifodasidir.

Tantanali tadbir so‘ngida mehmonlarning tabrik so‘zlari eshitildi va tantanavor orkestr sadolari yangradi.

 

 

 

 

 

 

 

Text to speech