Urgutda yoshlar bilan ochiq muloqot: muammolar tinglandi, yechimlar belgilandi
Urgut tumanida yoshlar bilan ishlash borasida tizimli va manzilli ishlar olib borilmoqda. Shuning yorqin namunasi sifatida, tuman Ichki ishlar bo‘limi rahbariyati tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi uchrashuvni keltirish mumkin. Unda tuman IIB boshlig‘i podpolkovnik Ma’ruf Kuziev shaxsan o‘zi hududdagi biriktirilgan yoshlar bilan ochiq muloqot olib bordi.
Uchrashuv davomida yoshlar tomonidan bildirilgan muammolar, taklif va mulohazalar diqqat bilan eshitildi. Har bir masala yuzasidan aniq va manzilli yechimlar ishlab chiqildi. Yig‘ilishda shuningdek Tuman IIB Jamoat xavfsizligi xizmati profilaktika inspektorlari, probatsiya bo‘limi xodimlari hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi mutasaddilari ham faol ishtirok etdilar.
Muhimi, yoshlarning bandligi, ularni ish bilan ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shunga muvofiq, mutasaddi idoralar vakillari tomonidan har bir yoshga nisbatan aniq ish rejasi tuzilib, amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha vazifalar belgilandi. Ayrim muammolar uchrashuvning o‘zidayoq hal etilib, qolganlari bo‘yicha mas’ullar aniqlanib, ijrosi belgilab berildi.
Yoshlar va ularning oila a’zolari tomonidan bildirilgan murojaatlar tuman IIBning tashkiliy bo‘limi tomonidan nazoratga olindi. Uchrashuvning asosiy maqsadi yoshlar bilan muloqotni kuchaytirish, ularni qiynayotgan muammolarni o‘rganib, ijobiy hal etishga ko‘maklashishdan iborat bo‘ldi.
Bu kabi uchrashuvlar yoshlarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash, ularning ishonchini oshirish va huquqbuzarliklarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.