AFROSIYOB – SAMARQAND SHAHAR TARIXI MUZEYI
Yurtimiz muzeylari diyorimizning ko‘p asrlik tarixi, uning dunyo tamaddunida tutgan o‘ziga xos o‘rni haqida so‘zlab turadi. Samarqand shahrining shimoli-sharqiy qismida, dunyodagi eng yirik arxeologik yodgorliklardan biri bo‘lgan qadimiy Afrosiyob shahri yaqinida joylashgan Afrosiyob muzeyi shular jumlasidandir.
Afrosiyob – Samarqand shahar tarixi muzeyi 1970 yilda tashkil etilgan. Muzey qadimiy Afrosiyob shaharchasida – Samarqandning mo‘g‘ullar istilosigacha bo‘lgan qismida joylashgani uchun ham shunday nomlangan. Bu yerda asosan Afrosiyob tepaliklarida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar davomida topilgan noyob topilmalar saqlanadi. Ular orasida ossuariylar, qadimgi pichoqlar va boshqa kesuvchi asboblar, o‘qlar, tangalar, sopol idishlar, qo‘lyozmalar va qadimiy kitoblar, haykalchalar va boshqa qadimiy buyumlar qoldiqlaridan iborat 20 mingdan ortiq osori atiqalar bor. Tarixiy ahamiyati yuqori bo‘lgan ushbu maskan ayni damlarda nafaqat yurdoshlarimiz, balki xorijlik sayyohlarda ham katta qiziqish uyg‘otmoqda.
– Samarqand shahrining qadimgi davri yoritilgan mazkur muzey ko‘rgazmalarini ta’mirlash ishlari 1980–1990-yillarda, keyinchalik 2007- yillarda qisman amalga oshirilgan edi, – deydi tarix fanlari nomzodi, Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi tasarrufidagi Samarqand tarixi – Afrosiyob muzeyi mudiri Samariddin Mustafoqulov. – Keyingi ikki yilda Janubiy Koreya Respublikasining Madaniy meros administratsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi o‘rtasida imzolangan «Ipak yo‘li madaniy merosini tadqiq etish va saqlash» memorandumi doirasida muzeyning birinchi qavatida joylashgan ko‘rgazmalar kapital reekspozisiya qilindi. Bundan ko‘zlangan maqsad – Ipak yo‘li madaniy merosining saqlanishi va tadqiq etilishi bo‘yicha ma’lumot hamda ko‘nikma almashinuvi, arxeologik tadqiqotlar orqali turizmni rivojlantirishdir.
Gulnoza TURGʻUNBOYEVA