25 Iyun 2025 yil 808

Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarning oldini olish mavzusida davra suhbati o‘tkazildi

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filialida “Axborot texnologiyalari sohasida sodir etilayotgan jinoyatlarni oldini olish” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi Jinoyat-protsessual huquqi kafedrasi katta o‘qituvchisi, podpolkovnik Baxodir Axmedov rahbarligida o‘tkazildi. Unda IIV Akademiyasining kunduzgi ta’lim 1-2-kurs kursantlari, Samarqand viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi mas’ul xodimlari hamda universitet filiali talabalari faol ishtirok etdi.

Davra suhbati davomida axborot texnologiyalari tez sur’atlarda rivojlanayotgan hozirgi zamonda ulardan foydalanish jarayonida yuzaga kelayotgan huquqbuzarliklar va jinoyat turlari, ularning oldini olish, profilaktika tadbirlarining ahamiyati, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishda huquqni muhofaza qiluvchi organlar va jamoatchilikning hamkorligini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

Tadbir ishtirokchilari, xususan, talabalar uchun bugungi kunda axborot makonida xavfsizlikni ta’minlash, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish va internetda mas’uliyatli foydalanish madaniyatini shakllantirish kabi masalalar yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi.

Shu kabi davra suhbatlari yosh avlodni huquqiy bilimlar bilan qurollantirish, ularda jinoyatchilikka qarshi ongli munosabatni shakllantirishga xizmat qiladi.


Text to speech