20 Iyun 2025 yil 34

“Alpomish” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida “Harbiy vatanparvarlik” kuni munosabati bilan sport musobaqalari tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A. Aripov tomonidan tasdiqlangan “Bolalarning dam olishlarini tizimli tashkil etish va sog‘lomlashtirish masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi”ning 2025-yil 9-aprel kungi 29-son majlis bayonining 16-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida, joriy yilning iyun oyida Samarqand viloyatidagi “Alpomish” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohida “Harbiy vatanparvarlik” kuni keng nishonlandi.

Mazkur tadbir doirasida Samarqand viloyati IIB Jismoniy va jangovar tayyorgarlik boʻlimi xodimlari ishtirokida bolalar o‘rtasida quvnoq estafetalar, sport musobaqalari va harbiy-jismoniy tayyorgarlikka oid ko‘rgazmali chiqishlar tashkil etildi. Tadbirda oromgohda dam olayotgan bolalar faol qatnashib, jamoaviy harakatlar, sportga bo‘lgan qiziqish va sog‘lom turmush tarziga intilishlarini namoyon etdilar.

Tashkil etilgan estafeta musobaqalari bolalarda chaqqonlik, epchillik, jamoada ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qildi. Shuningdek, harbiy xodimlar tomonidan bolalarga vatanparvarlik, harbiy xizmatning mohiyati va fuqarolik burchi haqida tushunchalar berildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari topshirilib, g‘olib jamoalar diplom va faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi. Oromgoh rahbariyati va ishtirokchilar ushbu tadbir bolalarning dam olishini mazmunli va foydali tashkil etishga xizmat qilganini ta’kidladilar.


Text to speech