31 Avgust 2024 yil 1030

Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasida “Bir bo‘lsak-yagona xalqmiz, birlashsak Vatanmiz!” shiori ostida bayram tadbiri tashkil etildi

Shunday kunlar bo‘ladiki, ular mazmun-mohiyatiga ko‘ra oylar, yillarga, hatto asrlarga tenglashadi. Millat, jamiyat, butun bir mamlakat, necha-necha avlodlar taqdirini, baxtli hayot yo‘lini belgilab beradi. 1991-yilning 1-sentabri Vatanimiz tarixi solnomasida xuddi shunday mo‘tabar kun sifatida muhrlanib qoldi — shu sanadan e’tiboran mamlakatimiz o‘z mustaqilligi, erkinligini tantana qilib keladi.

Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasida  “Bir bo‘lsak-yagona xalqmiz, birlashsak Vatanmiz!” shiori ostida bayram tadbiri tashkil etildi.

Boshqarma boshlig‘i o‘rinbosarlari va shaxsiy tarkib xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan tadbir avvalida davlatimiz madhiyasi yangradi. Tantanali  tadbirda boshqarma boshlig‘i Rahmat Mamatov so‘z olib barchani mustaqillikning o‘ttiz uch yilligi bilan tabriklab, mamlakatimizda jamiyat ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida, xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilganligini e’tirof etdi.

Bayram tadbiri doirasida ichki ishlar sohasida fidokorona xizmat qilib kelayotgan bir guruh xodimlar munosib rag‘batlantirildi. Mukofotlarni boshqarma boshlig‘i tantanali tarzda topshirdi. Vatan ravnaqi, yurt obodligi yo‘lida olib borayotgan mas’uliyatli, mashaqqatli va sharafli kasbida muvaffaqiyatlar zabt etishiga tilak bildirildi.

Tadbir doirasida xodimlarning minnatdorchilik so‘zlari eshitildi. O‘z xizmat burchini fidoyilik bilan ado etish, bildirilgan yuksak ishonchni oqlashlari aytildi.

Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin, istiqlol quyoshi mangu porlasin! Bayram tantanasi  ana shunday tilaklar bilan yakunlandi.

 

 

Text to speech