5 Fevral 2022 yil 614

Bulungʻur tumani “Mingchinor” mahallasida yashovchi X.Raximovaning ijtimoiy tarmoq orqali qilgan murojaati yuzasidan

Samarqand viloyati IIB xodimlari tomonidan olingan tezkor maʼlumotga asosan, Bulungʻur tuman dehqon bozori hududida taksi avtomashina haydovchilaridan pul mablagʻlarini noqonuniy ravishda undirib kelayotgan bir guruh shaxslar qoʻlga olinib, ularning ikki nafariga jinoyat ishi, olti nafariga nisbatan esa maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan.

Maʼmuriy qamoq jazosi tayinlanganlar orasida murojaatchi X.Raximovaning akasi 1981-yilda tugʻilgan Sh.Xakimov ham borligi, akasiga nisbatan sud tomonidan tayinlangan maʼmuriy qamoq jazosidan norozi boʻlib, X.Raximova 29-yanvar kuni tuman IIB maʼmuriy binosiga kelib, nazorat oʻtish postida xizmat olib borayotgan xodimlarning xizmat faoliyatiga toʻsqinliq qilib, akasini nohaq ayblaganliklarini roʻkach qilib, xodimlariga nisbatan turli haqoratomuz soʻzlarni ishlatgan.

Xodimlar tomonidan X.Raximovaga ushbu harakatlari Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga zidligi tushuntirilishiga qaramay, fuqaro baqir-chaqir qilishda davom etganligi sababli unga nisbatan MJtKning 194,195-moddasiga asosan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Shundan soʻng, fuqaro X.Raximova turli bahonalarni roʻkach qilib, oʻzining IIB binosida qilgan xatti-harakatlaridan qoʻrqib, kelgusida unga jazo qoʻllamasliklari maqsadida tibbiyot birlashmasiga “IIB xodimlari menga nisbatan kuch ishlatdi” - deb murojaat qilgan.

Mazkur holat yuzasidan viloyat IIB masʼul xodimlari tomonidan xodimlarning harakatiga huquqiy baho berish maqsadida xizmat tekshiruvi oʻtkazilmoqda.

Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech