Bulung‘ur tumanining “Qizil” toifadagi mahalalarida kriminogen vaziyat barqarorligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi
Samarqand viloyati IIB boshlig‘i polkovnik Rahmat Mamatov Bulung‘ur tumanining “G‘o‘bdin” mahallasida bo‘lib, hududdagi kriminogen vaziyat hamda mahalla yettiligi faoliyati bilan tanishdi.
O‘rganishlar davomida mahallada sodir etilishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarlik va jinoyatchilarning oldini olish, janjalli va ajrim yoqasidagi oilalar bilan muntazam muloqotda bo‘lish, aholi gavjum joylarga kuzatuv kameralari o‘rnatish topshiriqlar berildi.
“Qo‘riqlovga olingan obyektlar, markaziy ko‘cha va xiyobonlar, maktab hamda boshqa gavjum maskanlarda videokuzatuv kameralarining muntazam ishlashi hudud xavfsizligi uchun xizmat qiladi”, dedi Boshqarma boshlig‘i.
Bugun mahalla yettiligi xalq bilan birga, yonma-yon xizmat olib borishi belgilangan. Fuqarolar bilan muloqot chog‘ida yangicha ish uslublarini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, hududning kriminogen vaziyatini yaxshilash masalalariga e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.
Jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, profilaktik ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish, xizmat samaradorligini oshirish yuzasidan ham fikr-mulohazalar o‘rtaga tashlandi.