17 Oktyabr 2024 yil 2968

Chet ellik talabalar bilan davra suhbati o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 4-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati to‘g‘risida”gi Qonunining 33-moddasiga asosan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasida bo‘lishi hamda tranzit harakatlanishini nazorat qilish ichki ishlar organlari va boshqa vakolatli organlar bilan hamkorlikda amalga oshirilishi belgilangan.

Samarqand viloyati hududida vaqtincha bo‘lib turgan chet el fuqarolariga mazkur qoidalarni batafsil tushuntirish va targ‘ibot qilish maqsadida Samarqand davlat Tibbiyot universitetida davra suhbati tashkil etildi.

Mazkur davra suhbati xorijiy davlatlardan kelgan o‘qituvchi va talabalar hamda ularni qabul qilgan shaxslar bilan “Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasida bo‘lish qoidalariga rioya etish va ularni buzganlik uchun javobgarlik” mavzusida o‘tkazildi.

Davra suhbati davomida o‘rtaga tashlangan masalalar xorijiy davlatlardan kelgan o‘qituvchi va talabalarda katta qiziqish uyg‘otdi. Vaqtincha ro‘yxatdan o‘tish, viza tizimi va turlari, ularning muddatlari, qoidalar buzilgan taqdirda qanday choralar ko‘rilishi, eng asosiysi chet el fuqarolariga yurtimizda yaratilgan yengilliklar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Tadbir so‘ngida bir necha xorijiy fuqarolarga vaqtincha ro‘yxatga qo‘yilganligi hamda viza muddatlari uzaytirilganligi to‘g‘risida blankalar  tarqatildi va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Text to speech