26 Iyun 2025 yil 618

Yosh kadrlar bilan ochiq muloqot

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 2023-yil 7-noyabrda qabul qilingan 627-sonli buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida, navbatdagi muhim tadbirlardan biri tashkil etildi. Ushbu tashabbus doirasida IIV Akademiyasining 2022, 2023 va 2024-yillardagi bitiruvchilari bilan uchrashuv o‘tkazildi. 

Uchrashuvda IIV Akademiyasidan tashrif buyurgan mas’ul xodimlar ishtirok etishdi. Ular tomonidan tizimdagi yosh kadrlar bilan batafsil suhbatlar tashkil etildi. Asosiy maqsad — xizmat faoliyatini yangi boshlagan xodimlarning professional tayyorgarligi, xizmatdagi birinchi taassurotlari, yuzaga kelayotgan muammolar va ularning yechimi yuzasidan fikr almashishdan iborat bo‘ldi.

Tadbir davomida mutaxassislar yosh kadrlarning xizmat davomida duch kelayotgan muammolar va tashkiliy masalalar bilan bog‘liq holatlarini o‘rganishga alohida e’tibor qaratishdi. Shuningdek, ularning kasbiy rivojlanishi, ichki ishlar organlari tizimidagi faoliyatini yanada samarali tashkil etish bo‘yicha takliflar tinglandi.

Uchrashuv yakunida ishtirokchilar o‘rtasida maxsus ishlab chiqilgan so‘rovnomalar tarqatildi. Bu orqali yosh xodimlarning fikr va munosabatlari, xizmatga bo‘lgan munosabati, kelgusidagi rejalari haqida to‘liq ma’lumot to‘plandi.

Ta’kidlash joizki, bunday tadbirlar ichki ishlar organlari tizimida kadrlar siyosati samaradorligini oshirish, yoshlarning qonuniylik va tartib intizomga rioya etishini ta’minlash, shuningdek, ularni ma’naviy-axloqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashda muhim o‘rin tutadi.


Text to speech