23 May 2024 yil 1819

"Xavfsiz hayot uchun birlashaylik!" shiori ostida marafon o`tkazildi

“Xavfsiz hayot uchun birlashaylik!” Bu shior bugun sportsevar yoshlar va barcha ko‘ngillilarni bir manzilga chorladi.

Jismoniy faollik, sport bilan muntazam shug‘ullanish sog‘lom va baxtli hayot kechirishning asosi. U bilan doimiy shug‘ullanish sog‘lom turmush tarzini ta’minlash bilan birga, ruhiy tetiklik bag‘ishlaydi va immunitetni yaxshilaydi. Marafon ishtirokchilari startdan finishgacha masofani davom ettirib, sportga nechog‘lik oshnoligini va yaxshi natija ko‘rsatishga harakat qilishdi. Marafonda bir-biridan o‘zishga, chopqirlikda faol bo‘lishga intilganlar yagona maqsad sari, g‘oliblik uchun finishga oshiqdilar. Harbiy orkestr sadolari, maxsus texnikalar paradi marafon ishtirokchilari qalbini sururga to‘ldirib, g‘alaba sari ruhlantirdi.

Olimlarning ta’kidlashicha, har kuni 5 daqiqa yugurgan odamda yurak-qon tomir kasalligi xavfi yo‘qoladi. Shu sababli ular orasida uzoq umr ko‘ruvchilar soni ko‘p bo‘ladi. Muntazam tongda yugurish o‘rta hisobda inson umrini 3 yilga uzaytirar ekan.

Yurish, yugurish, jismoniy tarbiya, sport. Bular qanday atalishidan qat’iy nazar yagona g‘oya – sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiladi va tub zamirida insonlarni salomatlikka chorlaydi. Marafon ishtirokchilari yoshlik zavqi, jo‘shqin g‘ayrat-shijoati ila do‘stona raqobat bilan marra sari ildamlik, chaqqonlik va tezkorlik ko‘rsatishdi.

Yugurish marafoni xushmanzara va ko‘rkam yashillikka tutash hududda tashkil etilganligi ishtirokchilarga tabiatdan zavq olib, toza havodan bahra olishini ta’minladi.

Nihoyat, hayajonli va hal qiluvchi daqiqalar. Yugurish marafonida finishga birinchilardan bo‘lib yetib kelgan g‘olib ishtirokchilar tantanali tarzda taqdirlandi.

Aytish joizki, mazkur musobaqa aholi orasida sog‘lom turmush tamoyillarini keng yoyish, yoshlarni bir maqsad atrofida birlashtirish va jipslashtirishga, shuningdek, yildan-yilga ommaviylashib borayotgan salomatlik tadbirlarining darajasini yuksaltirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Umida Mamadalieva

 

Text to speech