Ichki ishlar organlari tashkil etilganining 33 yilligi hamda 25-oktabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni bayrami munosabati bilan Samarqand viloyati IIB boshlig‘i polkovnik Rahmat Mamatovning soha xodimlari hamda faxriylariga bayram tabrigi
Har tong osmonda quyosh charog‘on nur sochayotaniga,yurtimiz osoyishtaligiga shukrona aytamiz. Bu osuda hayotni ta’minlashda ichki ishlar organlari xodimlarining ham hissasi katta.
Adolat deb atalmish tug‘ni ko‘tarish uchun insondan nafaqat kuchli aql-idrok, balki metindek iroda ham talab etiladi. Vatanni qo‘riqlash va uning ostonasini g‘animlardan asrab himoya qilish, bu insonning o‘z uyi, oilasi, qo‘rg‘onini ham himoya qilishidir.
25-oktabr - Ichki ishlar organlari xodimlari kuni. Vatan himoyasi yo‘lida xizmat qilishni oliy saodat va yuksak g‘urur deb bilgan, o‘z oromi va halovatidan kechib el osoyishtaligini ta’minlayotgan soha xodimlarini kasb bayrami bilan muborakbod etamiz.
Bugun O‘zbekistondagi tinchlik, osoyishtalik, rivojlanish va farovonlik nafaqat dunyodagi boshqa xalqlarning havasini keltirmoqda, balki bu xalqaro ekspertlar e’tirofiga ham sazovor bo‘lmoqda.
Turli xavf-xatarlar, murakkab vaziyatlarga qaramasdan, zimmalariga yuklatilgan vazifalarni sharaf bilan bajarayotgan osoyishtaligimiz posbonlarining xizmati tahsinga munosib. Bu esa yurt farovonligi va xalqimiz tinchligi yo‘lida fidokorona xizmat ko‘rsatishning eng oliy namunasidir deb aytsak, mubolag‘a bo‘lmas.
Tizimda xizmat qilayotgan barcha xodimlarni, soha faxriylarini sana munosabati bilan samimiy tabriklayman.
Xizmat vazifasini bajarish chog‘ida qahramonlarcha halok bo‘lgan fidoyi xodimlarning xotirasini cheksiz ehtirom bilan yod etib, ularning oila-a’zolariga minnatdorchilik bildiramiz.
Sizning jasurligingiz va matonatingiz yosh avlod uchun ibrat maktabidir.
Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlash, xalqimizning tinch-osuda hayotini ta’minlashdagi mas’uliyatli va sharafli ishlaringizda ulkan zafarlar yor bo‘lsin! Farzandlaringiz va yaqinlaringizning baxtiga hamisha sog‘-omon bo‘ling!
Kasb bayramingiz muborak bo‘lsin aziz hamkasblar!