26 Fevral 2024 yil 1539

Ichki ishlar organlarida “oila kuni” e’lon qilindi

Oila jamiyatimizning kichik bir bo‘g‘ini, xalqimizning milliy an’analarini o‘zida saqlovchi mo‘jaz maskan. Ezguliklar oiladan boshlanadi. Oilada sog‘lom ma’naviy muhitni qaror toptirish, xususan oilaviy munosabatlarda o‘zaro hurmat, mehr-oqibat ruhida bo‘lishiga erishish milliy qadriyatlarimizdan hisoblanadi.  Baxt qo‘rg‘oni mustahkam bo‘lsa, unda ma’naviyat ildizlari teran, farzandlar barkamol, urf-odatlar bardavom bo‘ladi. Jamiyatda har tomonlama sog‘lom muhitni qaror toptirish hamda istiqbolli barkamol avlodni voyaga yetkazishni mustahkam oila poydevorisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Aholining turmush farovonligi, insonning o‘zini baxtli his qilishi oilada ro‘yobga chiqadi. Shunga muvofiq, Samarqand shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tomonidan ichki ishlar organlarida 23-24-25 fevral kunlari “oila kuni” deb e’lon qilindi. Yaratilgan bu imkoniyatdan barcha xodimlar unumli foydalanib, kunni oilasi bilan madaniy hordiq olishga bag‘ishlashdi. Kino, teatr tomoshalari, konsert dasturlari, istirohat bog‘lari, muzeylarga sayohat tashkil qilindi. Farzandlar bilan do‘stona suhbat, o‘zaro dam olish oilaviy rishtalarni yanada mustahkamlashda ijobiy ahamiyat kasb etdi.

-Oila-muqaddas. Baxtli hayotga erishish insoniyatning orzusi, bu istaklar esa muqaddas qo‘rg‘on- oila bilan chambarchas bog‘liq.  Oilada ulg‘ayayotgan o‘g‘il-qizlar kelajagi, ularning baxtiyorligida muhitning ta’siri katta. Er-xotin o‘zaro hammaslak bo‘lsa, farzandlar bilan do‘stona muloqotda bo‘lsa bu oilada xotirjamlik, turmushda farovonlikni ta’minlaydi. Bilasiz, ichki ishlar organlari xodimlari zimmalaridagi mas’uliyatni ado etish uchun kunu tun xalqimiz xizmatida. Oilasiga vaqt ajratishi doim ham ko‘ngildagidek bo‘lmasligi mumkin.  O‘tkazilgan “oila kuni” tadbirlari ayni ana shu maqsadlarga qaratilgan. Endilikda buni doimiy an’anaga aylantirish rejalashtirilgan, -deydi IIO FMB boshlig‘i o‘rinbosari Jamshid  Qobulov.

Bu kabi tadbirlar oilada ota-ona va farzandlar o‘rtasidagi hamjihatlikni, o‘zaro munosabatlarni yaxshilashga katta zamin yaratishi bilan ahamiyatlidir. “Oila kuni”ni ommalashtirish esa birdamlik, ahillik, sog‘lom va mustahkam oilani ta’minlash demakdir.

Umida Mamadalieva

Text to speech