12 Mart 2024 yil 290

Davlat rahbarining mamlakatimiz hududlarida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish hamda yoshlar bilan ijtimoiy-huquqiy ishlashga qaratilgan topshiriqlari ijrosini taʼminlash maqsadida Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Poʻlat Bobojonov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Jizzax viloyatida oʻrganish ishlari amalga oshirilmoqda.

Tadbir jarayonida mahalla faollarning yoshlar tarbiyasiga eʼtibor qaratish, jinoyat qilishga moyilligi bor shaxslar bilan “ijtimoiy profilaktika” tamoyili asosida ishlash boʻyicha “mahalla yettiligi”ning vazifalaridan kelib chiqib, yosh toifasi, ijtimoiy va moddiy ahvolini inobatga olgan holda, ularning har biri bilan alohida ish tashkil etish masalalariga eʼtibor qaratilmoqda.

Xususan, respublika ishchi guruhi Jizzax viloyati Mirzachoʻl tumani Doʻstlik mahalla fuqarolar yigʻinida joylashgan 1-sonli oʻrta umumtaʼlim maktabida yaratilgan taʼlim sharoitlari bilan tanishdi. Mazkur jarayonda taʼlim sifatini oshirishga qaratilgan tadbirlar sifati oʻrganildi. Shuningdek, maktab oʻquvchilarini bandligini taʼminlash hamda kasbga oʻrgatish yoʻnalishida, maktab sharoitida tashkil etilgan IT-mutaxassislik, kulolchilik hamda yoʻl harakati xavfsizligi kabi bir qator toʻgaraklar haqida atroflicha maʼlumot berildi.

Soʻng “Mirzachoʻl agroklaster group” klasteri faoliyati oʻrganildi. Korxona masʼullari bilan kechgan muloqot davomida 358 ta ish oʻrniga ega mazkur sanoat quvvatida har kuni 50 tonna paxta xom ashyosi qayta ishlanayotgani bildirildi. Maʼlumot oʻrnida oʻrnida aytish kerak, ushbu klaster ixtiyorida 12 ming 500 gektar gʻalla, 13 ming 700 gektar paxta maydoni mavjud.

Ishchi guruh tumanning “Chinobod” mahallasi yettiligi bilan muloqot oʻtkazdi. Bu yerda asosiy eʼtibor aholining ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal qilish orqali huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish, ayni maqsadda mahalla faollarining hamkorligini kuchaytirish kabi masalalarga eʼtibor qaratildi. Xuddi shunday, “Chinobod”da barpo etilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” massivida amalga oshirilayotgan qurilish bilan tanishildi. Taʼkidlash joiz, ushbu manzilda 50 ta koʻp qavatli uy hamda savdo va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalarini barpo etish koʻzda tutilgan.

Ishchi guruh oʻtgan yili avgust oyida “Chinobod” mahallasida foydalanishga topshirilgan 60 oʻrinli “Floramed” xususiy klinikasi faoliyati hamda Gʻafur Gʻulom mahallasida barpo qilinayotgan “Sentez dostlik textile asseccories” korxonasi qurilishi bilan tanishdi. 20 million AQSH dollari qiymatidagi investitsiya jalb qilingan ushbu korxonada kiyim-kechak aksessuarlari ishlab chiqariladi. Oʻz navbatida 250 ta ish oʻrni yaratiladi.

Shu kuni ishchi guruh Arnasoy tumanining Bobur mahallasida joylashgan axborot-kutubxona markazi va madaniyat boʻlimida ham boʻldi. Kutubxonada kitob fondi, elektron adabiyotlardan foydalanish imkoniyatlariga, madaniyat boʻlimida esa toʻgaraklar faoliyati, cholgʻular bilan taʼminlash masalalariga diqqat qaratildi. Tumanning Gʻoliblar mahallasida qonunbuzarliklarning oldini olish nuqtai nazaridan mahalla yettiligi bilan muloqot oʻtkazildi. Shu bilan birga fuqarolar yigʻinida faollarga yaratilgan sharoitlar koʻzdan kechirildi.

Oʻrganish jarayonida, aniqlangan barcha kamchiliklar soha masʼullari ishtirokida tanqidiy muhokama qilinib, kelgusida xizmat faoliyatini takomillashtirishga oid maqsadli chora-tadbirlar belgilab olindi.

Ishchi guruh aʼzolarining kundalik oʻrganish ishlari davom etmoqda.

IIV Axborot xizmati

Text to speech