19 Sentyabr 2023 yil 3833

IIB boshligʼi Rahmat Mamatov va viloyat prokurori Murodqosim Eshnazarov tomonidan tungi vaqtlarda jinoyatchilikni oldini olish borasidagi ishlar o`rganilmoqda

Samarqand viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʼi Rahmat Mamatov, viloyat prokurori Murodqosim Eshnazarov rahbarligida hududlarda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, kriminogen vaziyat haqidagi maʼlumotlarni mahallalar kesimida tahlil qilish borasida amaliy saʼy-harakatlar olib borilmoqda.

Bunda, qizil toifadagi mahallalarda, sektor rahbarlari, mutasaddi tashkilot va idora vakillari, mahalla beshligi jalb etilib, doimiy ravishda profilaktik tadbirlar tashkil etilayapti. «Temir daftar», «ayollar daftari» va «yoshlar daftari»ga kiritilgan shaxslar bilan yoʼlga qoʼyilayotgan ishlar, aholining bandligini taʼminlash, fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish borasidagi tadbirlarning samara va natijadorligiga eʼtibor qaratilmoqda. 

Jinoyatchilikni “mahallabay” jilovlash asosida olib borilgan profilaktik ishlar natijasida, joriy yilning 8 oyi davomida mahallalarning teng yarmida, yaʼni 50,9 foiz mahallalarda bironta ham jinoyat sodir etilishiga yoʼl qoʼyilmadi.

Jinoyat turlaridan qasddan badanga ogʼir shikast yetkazish, talonchilik jinoyatlari kamaydi.

Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida sodir etilgan jinoyatlarning 90,7 foizi yoki 4 ming 165 tasi fosh etildi. 262 nafar qidiruvdagi shaxslar ushlanib jazo muqarrarligi taʼminlandi. Jinoyatchilardan 57 kg 800 gr giyohvandlik moddalari rasmiylashtirib olindi.

Boshqarma boshligʼi va viloyat prokurori Samarqand shahridagi qizil toifaga kiritilgan Istiqlol mahallasida boʼlib mutasaddilar, jamoatchilik vakillari bilan oʼzaro muloqot chogʼida masʼullarning oʼzini-oʼzi boshqarish organida aholining ijtimoiy-iqtisodiy darajasini va turmush sharoitini yuksaltirish, mahalla infrastrukturasini yaxshilash, yoshlar va xotin-qizlar bandligini taʼminlash borasidagi hisobotlari tinglandi. Profilaktika inspektorlarining sohaviy xizmatlar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorligini kuchaytirish, profilaktik hisobda turgan shaxslar bilan ishlash, mahallada ijarada turadigan talabalar sharoitini «xonadonbay» oʼrganish, ularning boʼsh vaqtlarini toʼgʼri tashkil etishga koʼmaklashishga oid tavsiya va takliflar bildirildi. Mahallada jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, hududda kuzatuv kameralari oʼrnatish, ayniqsa uyushmagan yoshlar bilan doimiy targʼibot-tashviqot tadbirlarini yoʼlga qoʼyish zarurligi taʼkidlandi.

Shuningdek, Samarqand shahridagi tungi vaziyat, xodimlarning mahalla va hududlarda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, jinoyatlarning oldini olish borasidagi faoliyati ham sektor rahbarlari tomonidan atroflicha oʼrganildi. 

-Fuqarolarning tinch osuda turmush kechirishi, turli maishiy va kundalik muammolarini bartaraf etishda barcha birdek masʼul. Bu borada hamkorlikdagi faoliyatimizni kuchaytirish va ishni toʼgʼri tashkil etish muhim,- dedi boshqarma boshligʼi oʼrganishlar asnosida. 

 Sektor rahbarlari oʼz xizmat oldi yoʼriqnomasini oʼtayotgan huquq-tartibot organlari xodimlari bilan ham uchrashib, faoliyatdagi ahamiyat qaratilishi zarur boʼlgan jihatlar, masʼuliyat va hushyorlik bilan ishlash borasida koʼrsatmalar berildi. Tungi vaqtlarda faoliyat koʼrsatayotgan koʼngilochar maskanlardagi ijtimoiy-maʼnaviy muhit koʼzdan kechirildi. Bemaqsad, nazoratsiz yurgan yoshlar bilan profilaktik suhbatlar oʼtkazildi. Аsosiy eʼtibor jinoyatlar sodir qilgandan keyin oqibatlari bilan kurashish emas, balkiy jinoyatlarning barvaqt oldini olish muhim vazifa. Shu bois bu kabi jamoatchilik nazoratini muntazam yoʼlga qoʼyish qayd etildi.

Yoʼl patrul xizmati inspektorlarining jamoat xavfsizligini taʼminlash, qoidabuzar haydovchilarni aniqlab ularga qonuniy chora koʼrish borasidagi xizmat faoliyati ham oʼrganildi. Xodimlarga haydovchi va yoʼlovchilar bilan xushmuomalada boʼlish, xizmat intizomiga qatʼiy amal qilish yuzasidan tushuncha va tavsiyalar berildi. Samarqand shahri boʼyicha ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasida tungi xizmat oldi yoʼriqnomasi ham oʼtkazilib, har bir xodim fuqarolarning mushkulini oson qiluvchi, yaqin hamkoriga aylanishi, xizmat intizomiga amal qilishi, kasb masʼuliyatini vijdonan bajarishi lozimligi taʼkidlandi. 

Bugungi kunda amalga oshirilayotgan barcha harakatlar – xalqimizning tinch-totuv va xavfsiz boʼlishiga qaratilgan. Hududlardagi sektor rahbarlarining kriminogen vaziyatni ijobiy tomonga oʼzgartirish boʼyicha tashabbuslarining samaradorligi, jinoyatlarni oldini olish borasidagi ham oʼrganish, ham amaliy yordam koʼrsatayotgani faoliyatda samaradorlikka erishishda muhim omil boʼlib xizmat qilmoqda.

Maʼlumot oʼrnida, viloyatimizdagi kriminogen vaziyati ogʼir boʼlgan 198 ta mahallalarga viloyat va shahar, tuman Ichki ishlar organlari rahbar xodimlari bilan bir qatorda prokuratura, milliy gvardiya xodimlari, viloyat va hududiy hokimliklar vakillari biriktirilib, ularga jinoyatchilikni jilovlash va mahallalarni jinoyatdan holi hududga aylantirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 

Profilaktika inspektorlari tomonidan mahallalardagi 426 ming 854 ta xonadonlar oʼrganilib, jinoyat va huquqbuzarlik sodir etishga moyil yohud huquqbuzarlikdan jabrlanish ehtimoli yuqori boʼlgan 19 ming 304 nafar shaxslarga xulosalar berildi. Jinoyat va huquqbuzarlik sodir etish ehtimoli yuqori boʼlgan 13 toifadagi shaxslar alohida nazoratga olinib, ularning muammolari “ijtimoiy profilaktika” tamoyili asosida bartaraf etilmoqda. 

Shuningdek, yoʼl-transport hodisalarining oldini olish va yoʼl infratuzilmasini yaxshilash maqsadida svetoforlar, yoʼl belgilari, suniy yoʼl toʼsiqlari oʼrnatish, jiddiy xavf tugʼdirayotgan yoʼl qismlarini taʼmirlash yuzasidan takliflar tayyorlanib, amalga oshirilish choralari koʼrilmoqda. Barcha yoʼl patrulь xizmati inspektorlarining bevosita mahallalardagi javobgarlik hududlari belgilab berildi.

Mahallalardagi nizoli oilalar, huquqbuzarlik sodir etib maʼmuriy javobgarlikka tortilgan shaxslarning roʼyxatlarini shakllantirish, spirtli ichimlikka ruju qoʼygan, probatsiya nazoratiga olinganlar bilan keng jamoatchilik vakillari ishtirokida profilaktik tadbirlarni kuchaytirish yuzasidan aniq vazifalar belgilandi. Xulosa qilib aytganda, jinoyatlarni jilovlash, oldini olish va huquqbuzarliklar profilaktikasi borasidagi ishlarni tizimli ravishda tashkil etishda soha masʼullariga topshiriqlar berildi.

Text to speech