IIV Samarqand akademik litsey oʼquvchilarining kasbiy bilim va koʼnikmalarini oshirishga qaratilgan davra suhbati tashkillashtirildi
Joriy yilning 26 noyabrь kuni Oʼzbekiston Respublikasi IIV shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasining Samarqand viloyati boʼyicha boshqarmasi boshligʼi podpolkovnik Madjidov Elyor Olimjonovich ishtirokida akademik litsey oʼquvchilarida oʼquvchi yoshlarni kelajakda Vatanga sadoqat, burchga masʼuliyat, kasbiy bilim va koʼnikmalarini oshirish, IIOlariga xos boʼlgan dastlabki bilimlarini yanada shakllantirish maqsadida davra suhbati oʼtkazildi.
Mazkur davra suhbatida akademik litsey direktori, oʼrinbosarlari, oʼqituvchilar hamda oʼquvchilar ishtirok etishdi.
Davra suhbatida soʼzga chiqqan podpolkovnik E.Madjidov avvalo shaxsiy xavfsizlik boʼlimi haqida qisqacha tushuncha berib, shaxsiy tarkib oʼrtasida huquqbuzarliklarning oldini olish va xodimlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni oʼz vaqtida aniqlash boshqarmaning asosiy vazifalaridan biri ekanligini bildirdi.
Shuningdek maxsus formada har kuni oʼqishga keladigan akademik litsey oʼquvchilari Vazirlikning tarkibiy tuzilmalarida ekanligini taʼkidlab, koʼproq vaqtlarini ustozlar tomonidan berilayotgan topshiriqlarni oʼz vaqtida sifatli va samarali bajarish boʼsh vaqtlarida badiiy kitoblar oʼqishi, kelajakda vatanimizga va xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilish bosh maqsadimiz ekanligini tushuntirib oʼtdi.
Shu bilan birga, xodimlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar hamda ularning salbiy oqibatlari haqida toʼxtalib, bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda keng ommalashayotgan tavakalchilikka asoslangan qimor oʼyinlaridan biri 1xBet oʼyinlariga alohida toʼxtalib, oxiri har xil koʼngilsiz holatlar bilan tugashi haqida barchani ogohlantirdi.
Davra suhbati mobaynida oʼquvchilarning qiziqtirgan savollariga atroflicha javoblar berildi.
IIV Samarqand akademik litseyi