5 Avgust 2021 yil 902

Ijtimoiy tarmoqda “Avtobuslarimizni sababsiz toʻxtatib qoʻyishdi. Yoʻlovchilar sarson boʻlmoqda” mazmunida tarqalgan videolavha yuzasidan

Soʻnggi vaqtlarda yurtimizda sodir etilayotgan ogʻir oqibatli, inson oʻlimi bilan bogʻliq, yoʻl-transport hodisalari koʻplab sodir etilmoqda, ayniqsa yoʻlovchi tashish faoliyati bilan shugʻullanuvchi korxona va tashkilotlarga tegishli boʻlgan avtobus va mikroavtobuslar yoʻl-transport hodisalari sodir etilishi koʻpaymoqda.

Masalan, 31-iyul kuni soat 01:45 larda Kattaqoʻrgʻon tumani “Alijon” mahallasi hududidan oʻtuvchi “Samarqand-Buxoro-Turkmanboshi” M-37 avtomobil yoʻlining 71 km.da, “YUTONG” rusumli avtobus “Buxoro-Toshkent” yoʻnalishida ketayotib, yoʻlni kesib oʻtayotgan velosiped boshqarib kelayotgan shaxsni urib yubormaslik maqsadida, avtobusni oʻng tarafga yoʻnalishini oʻzgartirib, boshqaruvni yoʻqotib, agʻdarilib ketgan. Natijada avtobus ichida boʻlgan 2 nafar yoʻlovchi vafot etgan.

Kelgusida bu kabi yoʻl-transport hodisalarining sodir etilishini oldini olish maqsadida, yoʻlovchi tashish faoliyati bilan shugʻullanuvchi avtobuslarning “Yoʻl harakati qoidalari” talablariga toʻliq rioya etishi yuzasidan targʻibot tadbirlari hamda kuchaytirilgan reydlar oʻtkazilib kelinmoqda.

Oʻtkazilayotgan tadbirlarida haydovchilariga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 22-maydagi 424-sonli Qarori talablari boʻyicha tungi vaqtlarda viloyatlararo, shaharlararo, xalqaro va turistik yoʻnalishlar boʻyicha avtobuslarda yoʻlovchilarni soat 22.00 dan soat 05.00 gacha (noyabr-fevral oylarida soat 21.00 dan soat 06.00 gacha) tashishlari taqiqlanganligi toʻgʻrisida ogohlantirilib kelinmoqda.

04-avgust kuni 22:00 dan soʻng, Samarqand viloyatining “Yuqori nuqta” YPX maskanida ham mazkur talablarni qoʻpol ravishda buzib kelayotgan bir nechta avtobus haydovchilari toʻxtatilib, ularga oʻrnatilgan meʼyorlar boʻyicha tushuntirishlar berilganiga qaramay, haydovchilar turli bahonalarni vaj qilib, YPX inspektorlaridan harakatni davom ettirishni soʻrashgan. Qoidalarni buzgani yetmaganidek, avtobusdagi yoʻlovchilarga mazkur holatni toʻgʻri tushuntirish oʻrniga baqir-chaqir qilishga daʼvat qilishgan. YPX inspektorlari tomonidan haydovchi va yoʻlovchilarga oʻrnatilgan meʼyorlar yana bir-bor tushuntirilib, avtobuslar yoʻlning chetki qismiga, xavfsiz hududga joylashtirilib, ertalab 05:00 dan soʻng harakatlanishiga ruxsat berilgan. Manziliga shoshayotgan ayrim yoʻlovchilar yengil mashinalarga mindirilib kuzatib yuborilgan boʻlsa, ayrimlari avtobus ichida tunab qolishni maʼqul koʻrishgan.

Endi ijtimoiy tarmoqda tarqalgan holatga bahoni oʻzingiz bering. Nahotki shu haydovchilar qoidalarni bila turib, uzoq masofaga harakatlanadigan koʻplab fuqarolar hayotini xavf ostiga qoʻyishsa?! Yana ularni sarson qilishsa, holatga qanday izoh berish mumkin?!

Shu oʻrinda avtobus haydovchilariga murojaat qilib, belgilangan qoidalarga rioya qilishga chaqiramiz.

Oʻzingiz va oʻzgalar hayotini xavf ostiga qoʻymang!

Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech