31 Avgust 2024 yil 1042

ISTIQLOL-G‘URUR VA IFTIXORIMIZ

33 yil aslida asrlarni ortda qoldirgan tarix uchun juda qisqa fursatlarga teng. Lekin, ana shu yillar xalqimiz uchun nechog‘lik muhim ahamiyatga ega ekanligini bugun har birimiz yurakdan his qilamiz. Mustaqillik- erkimiz, milliy qadriyatlarimiz, ona tilimizni berdi. Mustaqillik yillarida qo‘lga kiritilgan yutuqlarimizning asosiy omili va mezoni sifatida xalqimizning fidokorona mehnatini alohida e’tirof etish joiz. Bugun Vatan ravnaqi, yurt tinchligi va xalq farovonligi yo‘lida mehnat qilish, hayotdan rozi bo‘lib yashash baxti xalqimizning dunyoqarashini, fuqarolik faolligini tobora kuchaytirmoqda.

Mana 33 yildirki, erkinlik, ozodlik deb atalmish muqaddas ne’mat mamlakatimizdagi har bir fuqaroning chehrasida o‘z aksini topgan. Ha, ozodlik va farovonlikni bugunning shioriga aylantirgan xalqimizning har bir kuni ana shunday zavqli va haroratlidir. Bugun istiqlol tufayli dunyo hamjamiyatida o‘z o‘rnini mustahkamlab borayotgan Vatanimiz ulkan imkoniyatlar diyoriga aylandi. Mustaqillik-bu shunchaki ash’or emas. Bu tarix solnomasiga bitilgan oddiy kun ham emas. Bu kun ajdodlarimizning azaliy orzusi ushalgan kundir. Mustaqillik yillarida yurtimizda amalga oshirilgan ezgu ishlar haqida so‘z borar ekan, har bir sohadagi keng islohotlar, ulkan bunyodkorlik ishlaridan ham avval, inson manfaatlari uchun yaratilgan imkoniyatlarni aytib o‘tish joiz. Bugun xalq hayotdan rozi bo‘lib, xursand yashamoqda. Zero, yurt istiqboli, ravnaqi ana shunday shukuh zamirida yuksaladi.

Ozod va obod mustakil Vatan. Hayotimiz osoyishtalik, barqarorlik,  kelajakka umid, tinchlik, xotirjamlik, to‘kin sochinlik bilan o‘tmoqda. Bu vaqt mobaynida jonajon O‘zbekistonimizda har jabhada misli ko‘rilmagan o‘zgarishlar, qurilish, bunyodkorlik va yaratuvchanlik ishlari amalga oshirildi. Mamlakatimiz  dunyoga yuz tutdi.  Bugun istiqlol tufayli jahon hamjamiyatida o‘z o‘rnini mustahkamlab borayotgan Vatanimiz ulkan imkoniyatlar diyoriga aylandi. Xususan, ichki ishlar organlari ham jamiyat va davlatning mustahkam tayanchi va suyanchi sifatida qonuniylik, adolat ustuvorligini ta’minlash borasida fuqarolarimizning ishonchini oqlay oldi. Inson qadrini ulug‘lash va uning manfaatlarini himoya qilish zimmamizdagi ustuvor vazifa hisoblanadi. Yuksak marralar, ezgu maqsadlar sari fidokorona xizmat qilayotgan xodimlar qasamyodiga sodiq holda kasbiga bo‘lgan mas’uliyati ortgan.

Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda istiqlol yillarida mustaqil taraqqiyotimizning asosiy maqsadi va mohiyatini ochib beruvchi “Inson manfaati-har narsadan ulug‘”, Islohot islohot uchun emas, avvalo inson, uning kelajagi uchun, “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” kabi tamoyillar ostida olib borilayotgan islohotlar insonni e’zozlashga, qadr-qimmatini oshirishga uning haq-huquqlarini himoya qilishga yo‘naltirildi. Ichki ishlar xodimlari ana shu islohotlarga daxldorlik hissi ila aholining bugunidan mamnunligini oshirish, mavjud muammolariga qonuniy yechim topish uchun doimo xizmatga shay.

Amalga oshirilayotgan bu kabi ishlarni ko‘rib,  ko‘ngilda farahbaxsh tuyg‘ular jo‘sh uradi. Insonning baxti, osoyishtaligi shu aziz Vatan ravnaqi, uning gullab-yashnashi bilan hamohang.

Istiqlol chin ma’noda bizga erkinliklar, qulayliklar yaratib berdi. Har bir kunimiz, bugunimiz va ertamiz bundan-da shiddat bilan rivojlanib taraqqiy topmoqda.

Rahmat Mamatov, viloyat IIB boshlig‘i

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Text to speech