Ijtimoiy himoya
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 26-fevraldagi “Ichki ishlar organlari xodimlari va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilishni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi IIV hamda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi rayosati tomonidan qo‘shma qaror qabul qilingan.
Mazkur qo‘shma qarorga asosan ichki ishlar organlarining terrorizm va jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda jamoat xavfsizligini ta’minlash chog‘ida halok bo‘lgan xodimlarning oila a’zolariga yoki ushbu holatlarda olgan jarohati tufayli nogiron bo‘lib qolgan xodimlarga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tasarrufiga kiruvchi sihatgohlarga bepul yo‘llanmalar ajratish belgilab berilgan.
Shu asosda Samarqand viloyati IIB YHXB rahbar-xodimlari hamda ichki ishlar xodimlari birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi mas’ullari 2010-yil xizmat vazifasini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan serjant Suxrobbek Qulmuratov yashagan xonadonda bo‘lib, uning oila a’zolari holidan xabar olishdi.
Do‘stona va samimiy suhbatdan so‘ng marhum YPX xodimi serjant Suxrobbek Qulmuratovning otasi Abdug‘ani Qulmuratovga salomatligini tiklash uchun “Chortoq” sanatoriyasiga yo‘llanma berildi.
O‘z hayoti va sog‘lig‘ini ayamay terrorizm va jinoyatchilikka munosib qarshilik ko‘rsatgan, xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida jasorat namoyon etgan xodimlar sha’niga duolar o‘qildi.