Kiberfiribgarlikning oldini olish maqsadida Samarqand viloyatida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda
Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan jamiyatda kiberxavfsizlikni ta’minlash, aholini internet orqali amalga oshirilayotgan firibgarliklardan ogohlantirish va ushbu turdagi jinoyatlarning oldini olish maqsadida profilaktik tadbir o‘tkazildi.
Tadbir doirasida boshqarma xodimlari tomonidan aholi gavjum to‘planadigan joylar, jumladan bozorlar, savdo majmualari va jamoat joylarida turli targ‘ibot materiallari — buklet va flayerlar tarqatildi. Ularda internet orqali amalga oshiriladigan firibgarlik sxemalari, ishonchli ma’lumot manbalari va kiberxavfsizlikka rioya qilish bo‘yicha tavsiyalar aks etgan.
Shuningdek, fuqarolarga shaxsiy ma’lumotlarni oshkor etmaslik, shubhali havolalarni ochmaslik va internet orqali moliyaviy operatsiyalar amalga oshirishda ehtiyotkor bo‘lish kerakligi haqida tushuntirishlar berildi.
Bunday targ‘ibot tadbirlari aholi o‘rtasida kiberfiribgarlik xatarlari haqida xabardorlikni oshirishga, jinoyatlarning oldini olishga va axborot texnologiyalaridan xavfsiz foydalanish madaniyatini shakllantirishga qaratilgan.