Kinologiya xizmati. Muvaffaqiyatning yoʻli oddiy
Kinolog toʻrt oyoqli jonivor bilan nafaqat doʻstlashishi, balki bir jamoaga aylanib, xizmat-jangovar vazifalarni mukammal bajarishi lozim. Kinolog-instruktor, safdor Anvar Bekboʻtayev ham “Yara” laqabli xizmat iti bilan faoliyatini toʻliq va sifatli amalga oshirishga harakat qiladi.
Anvar 2016-yilda Goʻzalkent qishloq xoʻjaligi kasb-hunar kollejini tamomlagach, Samarqand viloyati IIB JXX JTSB Kinologiya boʻlinmasida xizmat qila boshladi.
Instruktor “Yara” bilan birga kinologlar oʻrtasida oʻtkazilgan koʻpkurash musobaqalarida tergov-qidiruv yoʻnalishi boʻyicha birinchi oʻrinni egallashgan.
Shu kunlarda esa A. Bekboʻtayev sevimli jonivori bilan noyabr oyida boʻlib oʻtadigan navbatdagi musobaqaga tayyorgarlik koʻrmoqda.
“Yara” juda aqlli it, u shu yerda pitomnikda boqilgan, — deydi suhbatdoshimiz. — Uni 3 oylik paytida olganman.
Kuchukchalarni tayyorlash har doim oʻyin shaklida boshlanadi. Mashgʻulotning muhim qismi ragʻbatlantirishdir — bu “barakalla” soʻzi, mazali yemak yoki sevimli oʻyinchoqni oʻynash imkoniyati boʻlishi mumkin.
“Yara” zotdor it va uni oʻrgatishga olti oy vaqt ketdi. Hozirda u bilan sheriklikda zimmamizga yuklatilgan barcha vazifalarni sifatli ado etib kelyapmiz. “Yara” nafaqat oʻnlab jinoyatlarni ochishga yordam berdi, balki turli tanlovlarda sovrinli oʻrinlarni egallab, koʻplab faxriy yorliq va mukofotlarga sazovor boʻldi.
Bizning ishimizda muvaffaqiyatning yoʻli oddiy, yaʼni itni sevish va unga yaxshi munosabatda boʻlish, faqat shundagina birgalikdagi xizmat quvonch keltiradi.
Toʻrt oyoqli doʻstlarimizdan sadoqat va mehr-muhabbatni oʻrganish mumkin. Bu jonivorlar hatto kasal yoki jarohatlangan boʻlsa ham, sizga hech qachon xiyonat qilmaydi.
©️ “Postda” gazetasi, Zamira Boltayeva, Samarqand viloyati.