KORRUPSIYA- bu jamiyat dushmani
Insonning umri shamoldek o‘tib borar ekan, insoniyat har xil dardu-tashvishlar va savobli va xayrli ishlar bilan bo‘lib tong otishi yu, quyosh botib umr o‘tganini sezmay ham qolar ekan. Biz Ichki ishlar organlari xodimlari vatanimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi yo‘lida tinimsiz vijdonan xizmat qilibkelmoqdamiz.
Men har safar ertalab xizmatga Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga kelganimda, korrupsiya illati, uning davlatimiz rivojiga ko‘rsatayotgan salbiy tamonlari, ushbu illat sabab insonlar tabaqalashib borayotgani xayolimni chulg‘ab olib, meni o‘ylantirib qo‘yadi. Shu sababli menda ushbu mavzuda ilmiy ish qilish, korrupsiya ildiziga o‘t qo‘yish maqsadi paydo bo‘ldi.
Korrupsiya… bir so‘z bilan aytganda hamma narsaning ofati, niyatlarni payhon qiladigan, orzularni toptaydigan, adolat ildiziga bolta urib, inson qaddini bukib qo‘yishga qodir ichki dushman hisoblanadi.
Korrupsiya… inson aqlini ozdirib, nafsining quliga aylantirishga qodir mo‘rt tuyg‘u, yolg‘onlarda yaltirab ko‘ringan soxta oltin, gullab turgan hayot rangini xiralashtiradigan, odamlar xavfsizligiga tahdid solib, uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va boshqa xunuk hodisalarning ildiz otib ketishiga sharoit yaratib beradigan soxta illat u.
Korrupsiya aralashgan joyda iste’dod chekinib, bachkanalik o‘zini namoyon eta boshlaydi. Mag‘lubiyatga mukofot tegib, yutuq va malaka g‘oliblik maydonini tark etadi. Amal kursisiga o‘rnashib olgan subutsizlik sabab rivojlanish jarayoni chirish bosqichiga ko‘chadi.
Korrupsiya va poraxo‘rlikning zararli illatlari Islom shariatida ham qattiq qoralanadi.
Poraxo‘rlik qanchalik yomon illat ekanini hamma yaxshi biladi. Hammadan ham bu ishning yomonligini musulmon xalqlari yaxshi tushunadilar. Chunki, bu ish ular
uchun nafaqat bu dunyoga, balki, oxiratga ham tegishli masaladir. Ammo afsus, hamon ko‘plab jamoalarda fuqarolar poraxo‘rlik iskanjasidan qutula olmayapti.
Poraxo‘rlik sabab, haq o‘rnini nohaqlik, poklik o‘rnini nopoklik, adolat o‘rnini esa zulm-xiyonat egallab olmoqda.
Nazarimda bu ofatlardan qutilishning yagona yo‘li huquqiy savodxonlik. Ya’ni insoniyat ongiga poraxo‘rlikda pora bergan ham olgan ham birdek qonun va shariat
oldida javob berishligi to‘g‘risida targ‘ibot va tashviqot ishlari orqali singdirilishi lozim bo‘ladi.
Agar farzandlarimizga bolaligidan to‘g‘ri tarbiya berilib, pokni nopokdan, halolni haromdan farqlashni o‘rgata olsak biz bu muammoga yetarlicha yechim topgan
bo‘lamiz. Lekin biz bunday yo‘l tutish o‘rniga farzandlarimizning bolalik chog‘ida yaxshi o‘qishi va odobli bo‘lishini uning qo‘liga pul berish yo‘li orqali qiziqtirib, kerak
bo‘lganda rag‘batlantirib boramiz. Vaholanki aynan shuning o‘zi ham bolaning ongiga korrupsiya elementlarini singdirishning dastlabki bosqichi hisoblanadi.
Demak, korrupsiyaga qarshi kurashish birinchi navbatda oiladagi muhit va ta’lim-tarbiyadan boshlanadi.
Bu illat orqali mamlakat iqtisodiyotiga va jamiyat rivojiga jiddiy putur yetadi. BMT tahlillariga qaraganda, aynan korrupsiya tufayli dunyo iqtisodiyoti har yili 2,6 trln
dollar zarar ko‘radi. Bu jahon yalpi mahsulotining taxminan 5 foizini tashkil etadi. Shuningdek, jahon bo‘yicha pora sifatida taqdim qilinayotgan mablag‘ 1,0 trln. AQSHdollar miqdorida bo‘lib, bu gumanitar yordamlardan qariyb 10 barobar ortiqdir.
Shu sababli, so‘ng yillarda davlatimiz boshqaruv tizimida, xususan ijtimoiy boshqaruv sohasida inson omili yo‘qotilib, har bir soha raqamlashtirilmoqda va buning oqibatida ijobiy natijalarga erishilmoqda.
Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki, mamlakatimizda korrupsion holatlarning oldini olishda eng avvalo jamiyatda yashayotgan fuqarolarning ongida korrupsiyaga
nisbatan murosasizlik munosabatini shakllantirish, buning uchun ko‘proq targ‘ibot-tashviqot ishlarini tashkillashtirish, axoliga hizmat ko‘rsatuvchi har bir sohani raqamlashtirish orqali inson omilini kamaytirish, ushbu illat bilan bog‘liq jinoiy holatlar
uchun jazo chorasini og‘irlashtirish masalaga yechim topadigan eng asosiy chora-tadbirlardan biri deb hisoblayman.
Xushvaqtov Farrux G‘afur o‘g‘li.
O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi Magistratura tinglovchisi, mayor.