Mahalla - yurt ustuni
Inson mahallada ulg‘ayib, kamolga yetadi. Atrofdagilarga munosabati, qadriyatlarga hurmati, ilk tasavvur va ko‘nikmalari ham mahallada shakllanadi. Sharqona tarbiya maskani hisoblangan mahalla jondek aziz va muqaddas. Qadimdan yurtning obodligi mahalla obodligi bilan baholangan. Bugun yurtimizning qay bir go‘shasiga bormang, chiroy ochib, bunyodkorlikka yuz tutayotgan mahallalar qiyofasi ko‘rgan ko‘zni quvontiradi.
Islohotlar epkini har bir mahallaga kirib bordi.
Mahallaning nufuzini oshirish, ijtimoiy, siyosiy, tarbiyaviy, ma’naviy masalalardan biridir.
Ezgu orzu-niyatlar obod xonadondan, obod mahalladan boshlanadi deganlaridek, “Obod xonadon - obod ko‘cha - obod mahalla” mezonlari asosida mahallalarni ko‘rkam va fayzli maskanga aylantirish borasida ulkan qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Mahalla markazlari qurilib, unda barcha zaruriy sharoitlar, xodimlar uchun yetarli qulayliklar yaratildi.
Odamlarning turmush sharoitlarini yaxshilash, bandligini ta’minlash, kasb-hunarga jalb qilish, elektr energiyasi, toza ichimlik suvi, yo‘llar masalasi bilan bog‘liq muammolarini hal qilish borasida e’tirofli ishlar amalga oshirildi.
Xalqni rozi qilish, insonning qadr-qimmatini oshirish yo‘lida olib borilayotgan islohotlar davlatimiz siyosatining eng oliy maqsadidir.
Qadrli mahalla mutasaddilari, Sizlarni 22-mart mahalla tizimi xodimlari kuni bilan chin qalbimdan qutlayman!
Elimiz obodligi, oilalar farovonligini oshirish borasida amalga oshirayotgan ishlaringizda muvaffaqiyatlar tilayman. Ushbu sana Navro‘z ayyomi shodiyonalariga hamohang bo‘lishida ham ramziy ma’no bor. Chunki, Navro‘z va mahalla falsafasi ajdodlarimizning kishilik jamiyati rivojiga qo‘shgan beqiyos ulushini namoyon etadi.
Mahallangiz tinch, har bir oila, har bir xonadonda yaxshi kunlar, to‘y-tomoshalar ko‘p bo‘lsin!
Bayramingiz barchangizga muborak bo‘lsin!
Rahmat Mamatov, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i