Maqsad – Samarqand shahrini “Xavfsiz hudud"ga aylantirish
Samarqand shahrini “Xavfsiz hudud"ga aylantirish bugun eng dolzarb masalalardan hisoblanadi. Shu maqsadda muntazam ravishda “Xavfsiz tun" loyihasi doirasida qator tadbirlar amalga oshiriladi.
Mazkur ishlar samaradorligini oshirish maqsadida Samarqand xalqaro aeroportida tungi xizmat oldi yo‘riqnomasi o‘tkazildi. Unda IIV o‘rinbosari polkovnik Yahyojon Abdulhaqov, Samarqand shahar hokimi Fazliddin Umarov va bir guruh mas’ullar ishtirok etib, hududni jinoyat va huquqbuzarliklardan holi maskanga aylantirish borasida o‘z maslahat va tavsiyalarini berdi.
Hududlarni kriminogen ahvoli, fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini kuchaytirish, ularning xavfsizligini ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilgan tadbirda viloyati IIB, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda keng jamoatchilik vakillari jalb etildi.
Sohaviy xizmatlardan tarkib topgan tungi tadbir ishtirokchilari xizmat avvalida saf tortib, hudud xavfsizligining ta’minlanishini o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yishdi. Xizmat oldi yo‘riqnomalari berilgach, xodimlar guruhlarga bo‘lingan holda Samarqand shahrining barcha hududlarida o‘z xizmat vazifalarini bajarish uchun belgilangan manzil tomon yo‘l olishdi.
Mazkur keng qamrovli profilaktik tadbirlarning maqsadi jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan.