Mashinani olib qochgan shaxs YTH uchradi. Jinoyat hodisa joyidan olingan barmoq izlari yordamida fosh etildi.
2021-yil 17-dekabr kuni Urgut tumani IIBga fuqaro E.I. ariza bilan murojaat qilib, 16-dekabr kuni oʻziga tegishli, oq rangli Damas rusumli avtomashinasini koʻchada qarovchiz qoldirganligini, ushbu mashina nomaʼlum shaxs tomonidan olib qochilib, Chorchinor mahallasida yoʻl-transport hodisasiga uchrab, transport vositasi hodisa sodir boʻlgan joyga tashlab ketilganligini, transport vositasini olib qochib ketgan nomaʼlum shaxsni aniqlab, unga nisbatan qonuniy chora koʻrishni soʻragan.
Jinoyat ishi boʻyicha hodisa sodir boʻlgan joyni koʻzdan kechirish davomida, “Damas” rusumli transport vositasidan olingan qoʻl barmoq izlari kimga tegishli ekanligini aniqlash maqsadida, Samarqand viloyati IIB Ekspert kriminalistika boʻlimiga sudga-oid daktiloskopik ekspertiza tayinlanib, ekspertiza xulosasiga koʻra, mazkur qoʻl barmoq izlari Urgut tumanida yashovchi, 2000-y.t. B.H.ga tegishli ekanligi aniqlanib, ushbu shaxs viloyat hamda tuman IIB JQB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Urgut tumani huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 267-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati