9 Mart 2024 yil 1044

MUROSA HAM BIR TILSIM

Olim (ismlar o‘zgartirildi) mavsumiy ishchi, ustachilik ham qo‘lidan keladi. To‘rt nafar farzandi bor. Ayoli Bahora esa uyda, chunki kichkina farzandi olti oylik chaqaloq. Oila boshlig‘ining topgani kundalik xarajatlar, ro‘zg‘orini tebratishiga yetar, ular tinchgina yashardi. O‘n ikki yil xorijda yashagan qaynona, ya’ni Olimning onasi uyga qaytishi bilan xonadondan mayda-chuyda gaplar qo‘ni-qo‘shni, mahallaga chiqadigan bo‘ldi. Kelin o‘tirsa o‘poq, tursa so‘poq, undan qaynonaning hech ko‘ngli to‘lmaydi. Oiladagi mojaro oxir-oqibat «O‘g‘limni ajrataman, boshqasiga uylantiraman»gacha borib yetdi. Qaynonaning zug‘umi haddan oshib, ko‘ziga to‘rt nafar nabirasi ham ko‘rinmadi.

– Oiladagi ahil-inoqlik, totuvlikni saqlash, avvalo, unda yashaydigan qaynona-qaynota, er-xotin va boshqalarning murosakorligida, – deydi Samarqand tumani IIB JXX HPB XQMB katta inspektori, podpolkovnik Lola Hamidova. – Biroq oramizda murosa ham bir tilsimligini anglab yetmagan odamlar yo‘q emas. Achinarlisi, ana shu murosasizlik oiladagi sog‘lom muhitga putur yetkizadi. Va buning jabrini birinchi galda norasida go‘daklar tortadi. Yuqorida ta’kidlangan ajrim yoqasiga kelib qolgan oilani saqlab qolishga erishdik. Ammo bu jarayon oson bo‘ldi, deya olmayman. Chunki oilaning barbod bo‘lishiga qaynonaning qaysarligidan bo‘lak arzirli sababning o‘zi yo‘q. Qahramonimiz Lola Hamidovaning xizmati ko‘pincha oilalardagi turli noxush holatlar, xotin-qizlar bilan bog‘liq muammolar bilan kechadi. Mavjud vaziyatlarga yechim topishida unga sohada uzoq yillar ishlab, tajriba to‘plagani hamda hamkor tashkilot va idoralar mas’ullari bilan yaxshi tillasha olishi qo‘l keladi. – O‘zbek ayollari mehnatkash va sabr-qanoatli, ko‘pincha uyidagi gap ostona hatlab ko‘chaga chiqishini istamaydi, – deydi L. Hamidova. – Bu esa qaysidir ma’noda muammolarning kattalashishiga ham xizmat qiladi. Shu bois xonadonma-xonadon yurib o‘rganayotganda, avvalo, ayollarning kayfiyatiga, turmush sharoitlariga, oiladagi muhitga alohida e’tibor qarataman. Chunki ayolning to‘kis, baxtiyor hayoti uning yuz-ko‘zidagi mehr, shijoatda yaqqol akslanadi. Biroq turli oilaviy muammolardan ezilib, chehrasiga nadomat soya solgan ayollarni ko‘rganimda yuragimda og‘riq turadi. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, Samarqand tumanidagi 74 ta mahallada 272,8 ming nafar aholi istiqomat qiladi. Ularning 138 ming nafari xotin-qizlar. O‘tgan 2023-yil davomida tazyiq va zo‘ravonlikdan aziyat chekkan 116 nafar xotin-qizga himoya orderi berilgan. Shuningdek, ularni himoya qilish, oila-turmush doirasidagi jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida fuqarolik ishlari bo‘yicha Tayloq tumani sudi, jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand tumani sudidan nizolashayotgan oilalarning manzilli ro‘yxati olinib, mahallalarda ushbu oilalar bilan profilaktik ishlar olib borilmoqda. Bunda asosan nikohdan ajratish, aliment, uyga kiritish, otalikka e’tiroz bildirish, ota-onalik huquqini cheklash, otalikni belgilash bilan bog‘liq holatlar muhokama qilinmoqda. Ushbu o‘rganishlar samarasi o‘laroq, bir qator oilalardagi nizolar bartaraf etilib, bir qanchasi yarashtirildi, ayrimlari hozirda nazoratga olingan. – Tumanimizda ayni paytda 242 nafar hunarmand ayol faoliyat ko‘rsatadi, – deydi podpolkovnik Lola Hamidova. – Ularning yordamida xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, «ustoz-shogird» an’anasini davom ettirish ham hamisha e’tiborimiz markazida. Ayniqsa, yoshlarni kasb-hunarga o‘rgatish, ularning vaqtini mazmunli tashkil etish va bandligini ta’minlashda mahalla raislari, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi hamda profilaktika inspektorlari bilan kengashib, tashkilot va idoralar bilan hamkorlik ko‘lamini kengaytirishga harakat qilyapmiz. Chunki oilaviy nizolarning bir jihati ishsizlik oqibatida oilada kelib chiqayotgan yetishmovchilikka borib taqaladi.Ko‘p sonli oilalar, ayollar, onalar, ayniqsa, bolalarning hayotiga baxtiyorlik atalmish rang olib kirish ilinjida hamisha kuyib-pishib, fidoyilik bilan mehnat qilayotgan podpolkovnik Lola Hamidova o‘z xonadonida mehribon, bag‘rikeng buvidir.– Inson bir-biriga ko‘zgu, – deydi lavhamiz qahramoni. – Men xizmatimda ham, oilamda ham hayotda ko‘zim tushgan xatolarni takrorlamaslikka harakat qilib hurmat topdim. To‘g‘ri, xizmatimizning o‘ziga yarasha qiyinchiligi bor, ammo ishimni yaxshi ko‘raman. Uyga qaytib, nabiram Abdullohning shirin kulgisidan, bag‘rimga talpinishidan charchoqlarim tarqab ketadi. Farzandlarimning mehr-oqibatidan dilim doim yorug‘. Men hammaga shunday go‘zal hayotni sog‘inaman.

Gulnoza TURG‘UNBOYЕVA,

o‘z muxbirimiz. Samarqand viloyati.

Text to speech