Mustaqilligimizning 34 yilligiga bag‘ishlangan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi
Tadbirni Samarqand viloyati IIB boshlig‘i, general-mayor Toxir Aripov ochib, yig‘ilganlarni Davlat mustaqilligining 34 yilligi bilan qutladi va xodimlarga mashaqqatli, shu bilan birga sharafli kasblarida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat Mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali bayram tadbirida bir qator xodimlar yuksak davlat mukofotlari va Ichki ishlar vazirligining ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandilar.
Mukofotlarni topshirish marosimida Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi inspektori Asamiddin Ziyatov “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlangani alohida e’tirof etildi.
Bayram munosabati bilan Ichki ishlar vazirligi tomonidan munosib ko‘rilgan 28 nafar xodimlar mukofotlandi. Ularga 1-2-3-darajali “Benuqson xizmatlari uchun”, “A’lo xizmatlari uchun” ko‘krak nishoni, “Faxriy yorliq”, “Esdalik qo‘l soati” hamda kitoblar jamlanmasi tantanali topshirildi.
Tadbir davomida Ichki ishlar vazirligining buyrug‘iga asosan, bir nafar xodimga “polkovnik” maxsus unvoni, yana bir nafar xodimga rag‘batlantirish tariqasida muddatidan oldin “kapitan” maxsus unvoni berildi.
Shuningdek, viloyat hududida jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini ta’minlashda yaqindan hamkorlik qilayotgan mahalla fuqarolar yig‘ini raislari hamda jamoatchilik vakillariga esdalik sovg‘alari topshirilib, ularning mehnati alohida e’tirof etildi.
Mukofotlarni topshirish jarayonida Boshqarma boshlig‘i xodimlarning xizmatdagi samarali faoliyati va erishilayotgan natijalar shaxsiy tarkibga o‘rnak bo‘lishi, har bir xodim shunday mukofotlarga loyiq bo‘lishi lozimligini ta’kidladi.