Narpay tumani IIB Probatsiya nazoratidagi shaxslarni ijtimoiy moslashuvini ta’minlash bo‘yicha bir qator tadbirlar o‘tkazildi
Narpay tumanidagi maxallalarda xavfsiz muhitni yaratish, huquqbuzarlik va jinoyatlardan xoli etish borasida huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Tuman IIB boshlig‘i va tuman prokurori og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etgan, probatsiya nazoratida turgan shaxslarning huquqiy va ijtimoiy muammolarini hal etish, ularda sodir etgan jinoyatlar uchun pushaymonlik hissini uyg‘otish orqali qayta jinoyatlarning oldini olishda ma’naviy-axloqiy profilaktik tushuntirish ishlarini olib borishdi.
Muntazam o‘tkazilib kelinayotgan rahbarlar va yoshlar, tadbirkorlar va yoshlar uchrashuvlari, ishga marhamat mehnat yarmarkalari hamda boshqa tashkilot tadbirlarida nazoratdagi yoshlarni ijtimoiy hayotda faol qatnashishlari va ijtimoiylashuvida ularning huquqiy va ijtimoiy muammolariga ijobiy yechim topish orqali kasbga yo‘naltirilayotganligi, bandligi ta’minlanayotganligi, tadbirkorlik va hunarmandchilikka jalb etilayotganligi alohida ta’kidlandi.
Uchrashuvlar ochik muloqot tarzida o‘tkazilib, bir necha nazoratdagi shaxslar o‘zlarini qiziqtirgan huquqiy savollarga javob topib, muammolarni hal etish mutasaddi tashkilotlarga yuklatildi.
Uchrashuv yakunida qayta jinoyatga moyil bo‘lgan nazoratdagi shaxslar shaxsan tuman IIB boshlig‘i va prokuror tomonidan rasmiy ravishda ogohlantirildilar. Shuningdek, rahbarlar tashabbusi bilan tuman Kambagallikni qisqartirish, Oila va xotin-qizlar bo‘limi, tuman IIB JXX Probatsiya guruhi hamkorligida Ishga Marhamat mehnat yarmarkasi tashkillashtirildi. Yarmarkada 2 nafar nazoratdagi yoshlar kasb-xunarga o‘qitishga yo‘naltirildi, 5 nafar nazoratdagi shaxslarning bandligi ta’minlandi.
Bu kabi chora-tadbirlar nazoratdagi shaxslarning huquqiy-ma’naviy ongini oshirish orqali axloqiy tuzatish, huquqbuzarlik va jinoyatga yo‘l qo‘ymaslikda muhim ahamiyat kasb etadi.