Payariqda ish stajini soxtalashtirib bermoqchi boʻlgan shaxs qoʻlga olindi
2023-yil 06-yanvar kuni huquqni muxofaza qiluvchi organlarga, fuqaro ariza bilan murojaat qilib, unda Yevropa davlatlaridan biriga ketish niyatida yurganligini, biroq chetga chiqishi uchun ish staji yetmayotganligini, 2022-yilning dekabr oyi oʻrtalarida Payariq tumani Tomoyrot mahallasida yashovchi, oʻzini “revizior” deb tanishtirgan “B.T.” ismli shaxs bilan tanishib qolganligini, B.T. uning ishonchiga kirib, Payariq tumanidagi fermer xoʻjaliklardan biriga 2017-yildan boshlab ishga joylashganligi toʻgʻrisidagi soxta hujjatlarni tayyorlab, Yagona milliy mehnat tizimiga kiritib, 6 yillik ish staji qilib berishini aytib, har bir yil uchun 100 AQSH dollaridan hisoblab, jami 600 AQSH dollari miqdoridagi pullarni talab qilib kelayotganligini maʼlum qilib, unga nisbatan qonuniy chora koʻrishni soʻragan.
Mazkur arizaga asosan, joriy yilning 06-yanvar kuni Samarqand viloyati IIB TQX JQB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boʻlimi, DXX Samarqand viloyati boshqarmasi xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida, Payariq tuman Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash boʻlimi harbiy hisob yetakchi mutaxassisi B.T. ariza muallifidan 500 AQSH dollari miqdoridagi pullarni firibgarlik yoʻli bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.
Mazkur holat yuzasidan Payariq tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.
Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati