Raqamlashtirish – hududlarda xavfsiz muhit yaratishning samarali usuli
Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev viloyat IIB Tezkor boshqaruv markazida bo‘lib, bu yerdagi ish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
Viloyat IIB mas’ul xodimlari tomonidan markaz tizimi va islohotlarning borishi, raqamlashtirish jarayonlarining amaliyotga tatbiq etilishi borasida amalga oshiriliayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Davlatimiz rahbarining “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarorining ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar ham tahlil etildi.
Kriminogen vaziyati og‘ir mahallalar hududlarida kuzatuv kameralari, aholi gavjum maskanlar, bozorlar va jamoat joylarida yuzni va avtoraqamlarni tanib oluvchi video kuzatuv moslamalari o‘rnatilishi hamda ularni Tezkor boshqaruv markaziga integratsiya qilinishi, “Raqamli mahalla” dasturini keng tadbiq etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.
Shuningdek, Samarqand shahri va tumanlar markazlaridagi transport vositalari gavjum yo‘llarda tirbandliklarning oldini olish borasida bajarilishi lozim bo‘lgan masalalarga alohida to‘xtalib o‘tilib, bu borada mas’ullarga tegishli topshiriqlar belgilab berildi.