Qo‘shrabot tumanidagi “qizil” toifaga mansub mahallalarda kriminogen vaziyat barqarorligini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar o‘rganildi
Samarqand viloyati IIB boshlig‘i polkovnik Raxmat Mamatov tomonidan Qo‘shrabot tumanidagi “qizil” toifaga mansub Qo‘rolos mahallasida hududning kriminogen vaziyati hamda fuqarolar xavfsizligi doirasida olib borilayotgan ishlar o‘rganildi.
Mahalla hududida xavfsiz muhitni yaratish, osoyishtalikni ta’minlash, jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish ishlariga yanada jiddiyroq yondashish lozimligi ta’kidlandi.
Shu maqsadda qilingan ishlar tuman hokimligi, IIB rahbar va mas’ullari hamda mahalla yettiligi ishtirokida, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar bo‘yicha ishlab chiqilgan “yo‘l xarita” asosida muhokama etildi.
Boshqarma boshlig‘i hududning kriminogen vaziyati, xavfsizligi, sodir etilayotgan jinoyat va huquqbuzarliklarning shart-sharoitlari va ayrim turdagi huquqbuzarliklar profilaktikasiga yangicha ish uslublarini tatbiq etish kerakligi haqida gapirib o‘tdi.
Shuningdek, hududdagi savdo do‘konlari va boshqa obyektlarni qo‘riqlash pultiga ulash va ularning imkoniyatlaridan samarali foydalanish lozimligi alohida ta’kidlandi.
Hududda o‘rnatilgan kuzatuv kameralarining ishlash tartibi, mahalla yettiligi va fuqarolar o‘rtasida onlayn va zamonaviy o‘zaro muloqotni to‘g‘ri tashkillashtirish, fuqarolarning hayoti va mol-mulkiga bo‘ladigan har qanday tajovuzlarning oldini olishga barcha birdek mas’ul ekanligiga to‘xtalib o‘tildi.