Rasmiy ma’lumot
Samarqandda bolalar o‘g‘irlab ketilganligi to‘g‘risidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi
Samarqand shahrida yashovchi 1991-y.t. fuqaro M.Sh. va 1996-y.t. I.X. lar 2014-yilda turmush qurib, 2023-yilning may oyiga qadar birga yashashgan va birga yashagan davri mobaynida 3 nafar farzandli bo‘lgan.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellatsiya instansiyasining 2024-yil 8-oktabr kunidagi ajrimiga ko‘ra, da’vogar (bolalarning onasi) I.X. ning da’vo arizasi qanoatlantirilib, javobgar (bolalarning otasi) M.Sh. qaramog‘ida bo‘lgan 2015-y.t. farzandi ham onasining tarbiyasiga olib berilishi belgilangan. Biroq, bolalarning otasi sud qarorini bajarmasdan, farzandalarini onasiga bermasdan kelgan.
2025-yilning 8-iyun kuni bolalarning onasining iltimosiga ko‘ra uning akasi 2015-yilda va 2016-yilda tug‘ilgan jiyanlarini Samarqand shahar Xo‘jaqishloq mahallasi hududida “Nexia-2” rusumli avtomashinaga o‘tqazib, singlisi (bolalarning onasi) ga olib borib topshirgan.
Shundan so‘ng, bolalarning otasi ariza bilan murojaat qilib, farzandlarini olib ketgan shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Hozirda holat yuzasidan Samarqand shahar bo‘yicha IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Shu o‘rinda ijtimoiy tarmoq faollaridan tekshirilmagan va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan xabarlarni tarqatmasliklarini so‘rab qolamiz.
Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati