Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB 5-sonli IIB xodimlari tomonidan giyohvandlik moddalari savdosi bilan shug‘ullanuvchi bir necha shaxslar qo‘lga olindi
Yaqinda Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB 5-sonli IIB xodimlari tomonidan giyohvandlik moddalari savdosi bilan shug‘ullanuvchi bir necha shaxslar qo‘lga olindi.
Dastlab yoshi taxminan 30-35 larda bo‘lgan shaxs Samarqand shahar Beruniy ko‘chasida “nazorat tartibida sotib olish” tezkor tadbiri davomida tadbirga jalb qilingan shaxsga yashil rangli, o‘tkir hidli, quritilgan “marixuanna” giyohvandlik moddasini 500 000 so‘mga sotayotgan vaqtida ushlandi.
Mazkur shaxs giyohvandlik moddasini 34 yoshli fuqarodan olganligini bildirgan.
“Kalavani uchini topgan” xodimlar tadbirni yana davom ettirib, o‘sha kuni Samarqand shahar Spitamenshox ko‘chasida 34 yoshli shaxs qo‘lga olingan fuqaroga 300.000 so‘m evaziga “marixuanna” giyohvandlik moddasini sotayotgan vaqtda qo‘lga olishdi.
Ushbu holatga aloqador shaxslar va ularning manbasini aniqlash maqsadida tezkor tadbir yana davom ettirildi. 34 yoshli fuqaro esa ushbu giyohvandlik moddasini Samarqand tumanida yashovchi 45 yoshlardagi shaxsdan xarid qilganligini bildirgan.
Samarqand tumanining Quyi Qaynama mahallasida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 45 yoshlardagi shaxs taxminiy vazni 9 grammga yaqin bo‘lgan “marixuanna” giyohvandlik moddasini sotgan vaqtida daliliy ashyolar bilan ushlandi.
Savdo zanjiri juda uzun ko‘rinadi. Mazkur 45 yoshlardagi fuqaro giyohvandlik moddasini Samarqand tumani Chaqa mahallasida yashovchi yoshi taxminan 55 larda bo‘lgan shaxsdan olib, sotib yurganligini tan oldi. Tadbir yana davom ettirilib, mazkur shaxs ham eski tanishiga 2 000 000 so‘m evaziga giyohvandlik moddasi sotayotgan vaqtda tezkor qidiruv xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.
Ushbu shaxsga tegishli bog‘da 3.5 kg ga yaqin bo‘lgan yashil rangli, o‘tkir hidli, quritilgan holda bo‘lgan “marixuanna” giyohvandlik moddasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirib olindi.
Mazkur holatlar yuzasidan tergov va surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.